O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 20-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida harbiy va idoraviy formali kiyim-boshga o‘xshash kiyimlarni joriy etish yoki ulardan foydalanish bilan bog‘liq huquqiy javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildi va muhokama uchun Senatga yo‘lladi.
Parlament quyi palatasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda ayrim tashkilotlar hamda alohida fuqarolar tomonidan davlat organlarining rasmiy formalariga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan liboslardan foydalanish holatlari ko‘payib bormoqda. Shuningdek, qator tuzilmalar o‘z xodimlari uchun maxsus ravishda shunday o‘xshash kiyimlarni joriy etayotgani kuzatilmoqda, bu esa jamiyatda turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Rasmiylarning ta’kidlashicha, bunday holatlar oddiy fuqarolarni jiddiy ravishda chalg‘itib, davlat hokimiyati organlarining obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Qolaversa, bu kabi suiste’molliklar ayrim nohalol shaxslarga o‘zini go‘yo davlat xizmati xodimi sifatida ko‘rsatib, odamlarning ishonchini suiiste’mol qilish hamda firibgarlik yo‘llari bilan o‘z manfaatlariga erishish imkonini beradi.
Qonun loyihasining tafsilotlariga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartishlar kiritilib, matosining rangi, bichilishi va farqlovchi belgilari harbiy yoki idoraviy formalarni takrorlovchi kiyimlarni noqonuniy joriy etganlik va kiyib yurganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solish hamda kiyimlarni musodara qilish belgilanmoqda.
Source: www.gazeta.uz