O‘zbekistonda favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish tizimini tubdan takomillashtirish, suv omborlari hamda ularga tutash hududlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi. Mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan maxsus taqdimotda shaharlarning jadal kengayishi, texnologik jarayonlar va global iqlim o‘zgarishi qutqaruv xizmatlari oldiga yanada murakkab vazifalarni qo‘yayotgani ta’kidlandi.
Mutaxassislarning fikricha, mavjud yong‘in-qutqaruv qismlarining joylashuvi, infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasi zamonaviy talablarga to‘liq javob bermayapti. Shu munosabat bilan, aholisi 250 mingdan oshadigan tuman va shaharlardagi 25 ta yong‘in-qutqaruv qismini qayta tashkil etish hamda ularni ilg‘or texnikalar bilan jihozlash rejalashtirilmoqda. Shuningdek, murakkab sharoitlarda faoliyat yurituvchi “Madad” milliy ko‘p tarmoqli maxsus qutqaruv markazi, aviatsiya-qutqaruv bo‘limi va sohaviy ilmiy-tadqiqot markazini ochish taklif etildi.
“112” yagona dispetcherlik xizmatining ishini raqamlashtirish va sun’iy intellekt imkoniyatlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Fuqarolardan kelib tushadigan murojaatlarni qabul qilishdan tortib, ularning ijrosini nazorat qilishgacha bo‘lgan barcha bosqichlar qat’iy kuzatuv ostiga olinadi. Inson hayotini saqlab qolishni bosh mezon sifatida belgilagan holda, shahar hududlarida qutqaruvchilarning voqea joyiga yetib borish vaqtini 5-7 daqiqagacha, olis hududlarda эsa 15-20 daqiqagacha qisqartirish vazifasi qo‘yildi.
Mamlakatdagi 56 ta suv omborining faqat to‘rttasidagina professional qutqaruv xizmati mavjudligi tanqidiy ko‘rib chiqildi. “Karkidon” suv ombori tajribasi asosida boshqa obyektlarda ham xavfsizlikni ta’minlash tizimini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Qolaversa, suv omborlari atrofida turizmni rivojlantirish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida soliq va bojxona imtiyozlari berilishi, biroq xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilinishi shartligi belgilandi.
Source: www.gazeta.uz