Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonning Farg‘ona va Qo‘qon shaharlari Markaziy Osiyoda barqaror shaharlar koalitsiyasining ishtirokchilari ro‘yxatiga rasman qabul qilindi. 2025-yilda tuzilgan ushbu mintaqaviy tashabbusdagi shaharlarning umumiy soni shu tariqa o‘nta yetkazildi. Mazkur kengayish Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan shaharlar barqarorligi bo‘yicha ikkinchi mintaqaviy muloqot doirasida e’lon qilindi.

Avvalroq Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning ayrim hududlari kirgan tarmoqqa bu gal Bishkek va Manas, Isfara, shuningdek, Farg‘ona va Qo‘qon shaharlari qo‘shildi. Mintaqaviy muloqot iqlim tahdidlari va tabiiy ofatlar xavfiga tayyorgarlik ko‘rishda hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, mahalliy jamoalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlandi.

Tadbir O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ofatlar xavfini kamaytirish markazi hamda BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan tashkil etildi. Ushbu sa’y-harakatlar Yaponiya hukumati ko‘magida amalga oshirilayotgan ikkita yirik mintaqaviy loyiha doirasida o‘tkazilib, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ham ayrim shaharlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Shuningdek, muloqot davomida mintaqa mamlakatlarining milliy seysmologiya institutlari zilzilalarga tayyorgarlik ko‘rish borasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar. Imzolangan yangi memorandum ilmiy bilimlar almashinuvi va seysmik xavflarni oldini olish uchun huquqiy asos yaratishi kutilmoqda.

Source: www.gazeta.uz