Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-oktabr kuni mamlakatda intensiv baliqchilik loyihalarini jadallashtirish hamda energotejamkor limonchilik issiqxonalarini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan muhim taqdimot bilan tanishdi. Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur tashabbuslar hududlarda iqtisodiy faollikni oshirish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan.

Xususan, respublikada intensiv baliqchilikni kengaytirib, yiliga 1 million tonna baliq yetishtirishdek ulkan vazifa qo‘yilgan. Taqdimot davomida ushbu maqsadga erishish yo‘llari Baliqchi tumani misolida atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, tumandagi 24 ta meliorativ tik quduq atrofida chavoq va ozuqa ta’minotidan tortib, baliq yetishtirish, qayta ishlash, saqlash hamda sotish jarayonlarini o‘z ichiga oluvchi yaxlit intensiv baliqchilik majmualarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Har biri 50 sotix maydonni egallaydigan ushbu loyihalarda yiliga kamida 30 tonna forel yetishtirish va har bir majmuada 10 tadan yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, mazkur loyihalarni yagona tizimda boshqarish maqsadida maxsus baliqchilik xoldingini tashkil etish taklif etildi. Kelgusida Baliqchi tajribasini boshqa hududlarga ham ommalashtirish uchun 2027-yil 1-martga qadar respublikadagi 4 mingdan ziyod meliorativ tik quduqni to‘liq xatlovdan o‘tkazish topshirig‘i berildi.

Taqdimotning ikkinchi qismi Baliqchi tumanida limonchilikni rivojlantirishga bag‘ishlandi. Tumandagi to‘qqizta mahalla atrofida 100 gektar maydonda energotejamkor issiqxonalar qurib, ularni tayyor holda tadbirkorlarga taklif etish rejalashtirilmoqda. Limon yetishtirish, saralash, qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va sotish jarayonlari yagona kooperatsiya zanjiriga birlashtirilib, bu jarayonga ishsiz va kambag‘al oilalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Source: www.gazeta.uz