O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Germaniyaning RecruitMed kompaniyasi hamkorlikda Germaniyada mehnat qilish istagida bo‘lgan tajribali yuk mashinasi haydovchilari uchun 50 ta bo‘sh ish o‘rni ochilganini e'lon qildi. Ushbu tashabbus ikki davlat o'rtasidagi mehnat migratsiyasi sohasidagi kelishuvlar doirasida amalga oshirilmoqda.
Mazkur tanlovda qatnashish uchun nomzodlar C va CE toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo'lishi, kamida ikki yillik amaliy ish tajribasini namoyish etishi va 40 yoshdan oshmagan bo'lishi talab etiladi. Shu bilan birga, Yevropa davlatlarida professional haydovchilik malakasini tasdiqlovchi maxsus 95-kod (Schlüsselzahl 95) sertifikatiga ega bo'lgan shaxslar uchun yosh chegarasi 45 yoshgacha etib belgilangan.
Tanlov jarayonidan muvaffaqiyatli o'tgan ishtirokchilar Toshkent shahridagi Intel xalqaro markazida olti oy davomida nemis tilini B1 darajasigacha bepul o‘rganish imkoniyatiga ega bo'ladilar. Shuningdek, o'quv davrida nomzodlarga bepul yotoqxona taqdim etilishi ham ko'zda tutilgan.
Saralangan mutaxassislar Germaniyadagi yetakchi ekspeditorlik va logistika kompaniyalarida mahalliy hamda uzoq masofali yo‘nalishlarda yuk tashish faoliyatini amalga oshiradilar. Yevropa rejimi sharoitida ish haftasi besh kunni tashkil etib, umumiy ish vaqti 40 soat etib belgilangan. Ish o‘rni doimiy bo'lib, olti oylik sinov muddati ko'rsatilgan, shuningdek, to'liq ijtimoiy himoya va tibbiy sug‘urta taqdim etilishi aytilmoqda.
Ma'lum qilinishicha, malaka to'liq tan olingunga qadar boshlang‘ich oylik maosh 1800 yevro (netto) miqdorida bo‘ladi va kelgusida bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Nemis ish beruvchilari bilan onlayn suhbatlar 2026-yil 6 va 10-noyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo'lib, unda tarjimonlar ham ishtirok etadi.
Source: www.gazeta.uz