O‘zbekistonda milliy OTMlar reytingini baholash tizimini tubdan o‘zgartirish va uning natijalarini davlat universitetlarini moliyalashtirish jarayoniga qat’iy bog‘lash rejalashtirilmoqda. Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan tayyorlangan tegishli buyruq loyihasiga ko‘ra, yangi tartib 2027-yilning 1-yanvaridan boshlab amaliyotga kiritilishi mumkin. Mazkur tashabbus mamlakat oliy ta’lim tizimida raqobat muhitini kuchaytirish hamda mablag‘larni taqsimlashda shaffoflikni ta’minlashga qaratilganligi aytilmoqda.
Taklif etilayotgan loyihaga muvofiq, barcha oliy o‘quv yurtlari to‘plagan ballariga qarab uchta alohida toifaga bo‘linadi. Xususan, eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan OTMlarning 20 foizi birinchi toifaga, keyingi 40 foizi ikkinchi toifaga, qolgan 40 foizi esa uchinchi toifaga kiritiladi. Har bir universitetga ajratiladigan byudjet mablag‘lari hajmi aynan shu toifalarga qarab shakllantirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Moliyaviy mustaqillikka ega bo‘lgan universitetlar uchun mablag‘lar davlat granti asosida o‘qitiladigan bir nafar talaba uchun sarflanadigan xarajatlardan kelib chiqqan holda hisob-kitob qilinadi. Boshqa davlat OTMlari uchun esa moliyalashtirish hajmi xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladigan byudjet mablag‘lari miqdoridan kelib chiqqan holda belgilanadi. Reyting natijalari e’lon qilingach, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mablag‘larni 15 ish kuni ichida g‘azna hisobvaraqlariga o‘tkazib berishi shart.
Bundan tashqari, baholash mezonlariga ham sezilarli o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilgan. Bitiruvchilarbandligi, ish topish vaqti va o‘rtacha daromad kabi uchta alohida ko‘rsatkich o‘rniga yagona "bitiruvchilar sifati indeksi" joriy etiladi. Shuningdek, xalqaro THE, QS va ARWU reytinglarining dastlabki mingligiga kirgan mahalliy oliygohlar uchun alohida milliy reyting joriy etish ham ko‘rib chiqilmoqda.
Source: podrobno.uz