Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan “Tashabbusli byudjet” jarayonlaridagi faollik hamda samaradorlikni baholovchi navbatdagi reyting natijalari e'lon qilindi. Mazkur reyting aholining mahalliy byudjet masalalariga naqadar befarq emasligini va oʻz navbatida joylardagi mas'ullar oʻz zimmasidagi majburiyatlarni qay darajada bajarayotganini yaqqol ko'rsatib berdi.
Taqdim etilgan ma'lumotlarga ko'ra, Buxoro viloyati maksimal 100 balldan 86,6 ball toʻplagan holda mamlakatimizda eng namunali hudud deb topildi va birinchi oʻrinni egalladi. Ikkinchi oʻrinni esa 83,6 ball toʻplagan Namangan viloyati band etdi. Shuningdek, Fargʻona, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari ham 77 ball atrofidagi ko'rsatkichlar bilan yuqori oʻrinlardan joy oldi.
Biroq, ayrim hududlarda ahvol ancha tashvishli ekanligi ma'lum bo'ldi. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi 13-oʻrinni band etib, umumiy “sariq” toifaga tushdi. Andijon viloyati esa 55,3 ball bilan reytingning eng quyi oʻrnini egallab, boshqa hududlardan keskin ortda qoldi. Viloyatdagi 16 ta tuman va shahardan atigi bittasi “yashil” toifaga kirgan boʻlsa, 6 tasi “sariq”, qolgan 9 tasi esa “qizil” xavfli toifaga kiritilgan.
Mazkur reyting joriy yilning uchinchi choragi yakunlari boʻyicha 5 ta asosiy mezon asosida tuzib chiqilgan boʻlib, har bir mezon uchun hududlarga koʻpi bilan 20 balldan berilgan. Baholash mezonlariga aholi tomonidan taklif etilgan loyihalarni saralash bosqichini tashkil etish, fuqarolarning jarayonlarga jalb etilishi, jamgʻarmalarni shakllantirish talablarini bajarish, jamoatchilik nazorati hamda gʻolib chiqqan loyihalarning amaldagi ijrosi kiradi.
Xususan, gʻolib loyihalarni amalga oshirish mezoni boʻyicha Jizzax, Xorazm va Surxondaryo viloyatlari eng yuqori koʻrsatkichlarni qayd etgan boʻlsa, Sirdaryo, Navoiy, Andijon hamda Samarqand viloyatlarida bu boradagi ishlar qoniqarsiz ekanligi ma'lum bo'ldi.
Source: kun.uz