Talent Day o‘quv bosqichining yakuni bo‘lish bilan birga, bitiruvchilarga o‘z bilimlarini potensial ish beruvchilarga namoyish etish, professional sinovlar va dastlabki suhbatlardan o‘tish imkoniyatini taqdim etdi. Ushbu tashabbus yosh kadrlarni ishga joylashtirish va ularning amaliy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazishga qaratilgani aytilmoqda.
O‘qish jarayonida ishtirokchilar Python, Git, Web/API va JSON texnologiyalari bilan ishlagan, Data Science, SQL, Pandas, EDA hamda Machine Learning asoslarini o‘rgangan. Shuningdek, ular axborot xavfsizligi, ma'lumotlarni himoya qilish va Anti-Fraud asosiy tamoyillari bilan tanishgan bo‘lib, kurs IT va fintex sohasida karyera boshlash uchun amaliy texnik bazani shakllantirishga qaratilgani ta'kidlanmoqda.
Talent Day ishtirokchilari o‘qish natijalariga ko‘ra saralab olingan. Bunda uchta asosiy mezon — o‘zlashtirish ko‘rsatkichi, yakuniy loyiha sifati va davomat hisobga olingan bo‘lib, ularning har biri bo‘yicha natija kamida 90 foizni tashkil etishi kerak bo‘lgan.
Bitiruv kechasi dasturidan Coding Challenge, sohaviy quiz, ekspress-suhbatlar va kompaniya vakillari bilan netvorking o‘rin olgan. Tadbir davomida 20 nafardan ortiq bitiruvchi potensial ish beruvchilar bilan intervyudan o‘tgani bildirilmoqda.
Source: uznews.uz