️ 4-mart kuni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan e’lon qilingan qaror asosida, respublikada moliya va qishloq xo‘jaligi sohalariga yangi vazirlar, shuningdek, Taxiatosh tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu tayinlovlar davlat apparatida davom etayotgan kadrlar almashinuvining bir qismi sifatida qayd etilmoqda.
️ Atamurat Shamuratov Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri lavozimiga ko‘tarildi. U ilgari Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi Apparatining Investitsiyalar, kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sektori boshlig‘i bo‘lib ishlagan. Uning o‘rnini egallagan Nurullan Erlepesov esa boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.
️ Kamiljan Aytbayev Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – qishloq xo‘jaligi vaziri etib tayinlandi. U ilgari Taxiatosh tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. Shuhrat Teshayev esa boshqa ishga o‘tishi sababli qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimidan bo‘shatildi.
️ Islambek Sdikov Taxiatosh tumani hokimi etib belgilandi. U ilgari Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashining Sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish va kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha kotibiyat boshlig‘i, Xo‘jayli tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i kabi lavozimlarda ishlagan. Tayinlovdan oldin u Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining Sanoat qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi bo‘lgan.
Source: www.gazeta.uz