️ O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni “Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, ko‘p kvartirali uylar qurilishini tartibga solish, uy-joylar qurilishini demografik va urbanizatsiya jarayonlari bilan uzviy bog‘liq holda kompleks qurilish tamoyillari asosida amalga oshirish, shuningdek, ipoteka krediti bozorini yanada rivojlantirishga qaratilgan.
️ Farmonga muvofiq, ko‘p kvartirali uylar qurilishida yer ajratish va ruxsat berish tartib-taomillari jarayonlarini o‘z ichiga oluvchi investitsiya-qurilish davrining davomiyligi 1,5 baravargacha qisqartiriladi. Shuningdek, ko‘p kvartirali uylar qurilishida renovatsiya hisobiga quriladigan xonadonlar ulushini 15 foizdan 2040-yilga qadar bosqichma-bosqich 60 foizgacha yetkazish ko‘zda tutilgan. Hujjat bilan 2040-yilgacha ko‘p kvartirali uylarni foydalanishga topshirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi (2026-yilda — 140,2 ming xonadon, 2027-yilda — 150,1 ming, 2040-yilda — 280,6 ming).
️ Farmon bo‘yicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1-oktabrga qadar o‘z hududlari kesimida istiqbolli qurilish hajmlari, aholi o‘sishi, uy-joyga bo‘lgan ehtiyoj, muhandislik va transport infratuzilmasi holati bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qilgan holda ko‘p kvartirali uylar qurish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda har yili 15-noyabrga qadar uy-joy qurilishiga oid strategik yo‘nalishlar va sohaviy tahlillar asosida moliyaviy manbalariga aniqlik kiritgan holda respublikada ko‘p kvartirali uylarni foydalanishga topshirishning maqsadli ko‘rsatkichlari loyihasini Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
️ Farmonda, ko‘p kvartirali uylar qurishda urbanizatsiya va kompleks qurilish tamoyillari asosida mavjud imkoniyatlar va resurslarni inobatga olgan holda, renovatsiya loyihalarini amalga oshirishga ustuvorlik beriladi. Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun yangi hududlarni tanlab olishning qonunchilikda belgilangan mezonlariga mos keladigan, massiv shaklidagi renovatsiya va kompleks qurilish loyihalariga “Yangi O‘zbekiston” massivi maqomini berish orqali ularga nisbatan amaldagi tartib-taomillar va moliyalashtirish manbalari tatbiq etiladi. “Yangi O‘zbekiston” massivlarining yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari loyihalarini ishlab chiqishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya tejovchi uskunalar, muqobil issiqlik tizimlaridan keng foydalaniladi va “yashil” transport muhiti yaratiladi.
️ 2026-yilda “Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun tijorat banklari tomonidan jami 3,8 trillion so‘m, shu jumladan, “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun Davlat budjetidan 600 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltiriladi. Farmonda shuningdek, “Toshkent Invest kompaniyasi” AJ va “Samarqand Invest kompaniyasi” AJ tajribasi asosida investitsiya kompaniyalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ular tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradi hamda kompleks qurilish loyihalarining amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘ladi. Investitsiya kompaniyalarining kuzatuv kengashi tarkibiga majburiy ravishda kamida bir nafar a’zo Milliy qo‘mita va/yoki uning huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari orasidan kiritiladi.
Source: www.gazeta.uz