Jizzax viloyati Zomin tumanida 2 yoshli bolani Cobalt avtomobilida urib ketgan haydovchi 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Oliy sud bu haqda xabar berdi.
Voqea 2025-yil 23-iyun kuni ro‘y bergan. Urganchdan kelgan oilaning 2 yoshli o‘g‘li xonadondan chiqib ketib, izsiz yo‘qolgan. Bir necha kun o‘tib, uning jasadi uydan bir kilometr uzoqlikdagi tepalikda topilgan.
Guvohlarning aytishicha, haydovchi orqaga harakatlanish vaqtida bolani bosib ketgan, keyin matoga o‘rab, tepalikka tashlab kelgan.
Zomin tuman sudi 1994-yilda tug‘ilgan O.T.ni Jinoyat kodeksining 117-moddasi 2-qismi va 266-moddasi 2-qismi “a” bandi bo‘yicha aybdor deb topdi. U 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi va 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.
Jizzax viloyat sudi apellyatsiya instansiyasi 2026-yil 24-fevralda bu hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi. Oliy sud taraflarga shikoyat qilish huquqini eslatdi.
Source: www.gazeta.uz