AQSh Bosh prokurori Pam Bondi moliyachi Jeffri Epsteynning voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya qilish uchun savdo qilishda ayblangan ishi materiallarida tilga olingan 300 nafar mashhur shaxsning ro‘yxatini e’lon qildi. Tegishli xat AQSh Kongressi rahbarlariga yuborilgan, deb xabar beradi The New York Post gazetasi.
Foto: Sky News
Bondining so‘zlariga ko‘ra, bu e’lon 2025-yil 19-dekabrda belgilangan Epsteyn ishi bilan bog‘liq hujjatlarni ommaviy ochish muddatiga to‘liq rioya qilishni anglatadi. E’lon qilingan ro‘yxatda sobiq va hozirgi siyosatchilar, shuningdek, shou-biznes va texnologiya sohasidagi vakillar mavjud. Ulardan Bill Klinton, Xillari Klinton, Barak Obama, Mishel Obama, Kamala Harris, Jo Bayden, Prints Garri, Bill Geyts, Vudi Allen, Mark Tsukerberg va Beyonse kabi shaxslar bor.
Ilgari Bondi birinchi qism ochilgan materiallarni e’lon qilgan edi. O‘sha paytda Epsteynning xususiy samolyoti bort jurnallari nusxalari, uning manzillar kitobi, dalillar ro‘yxati va shuningdek, “massajchilar ro‘yxati” deb atalgan hujjatlar nashr etilgan. Hujjatda 254 ism bo‘lgan, ammo ular taxmin qilingan jabrlanganlarning maxfiyligini himoya qilish uchun qora belgilar bilan to‘liq yashirilgan.
Bundan tashqari, Bondi Federal tergov byurosi (FBI) ish bo‘yicha minglab sahifalik materiallarni saqlab turishda davom etayotganini aytdi. Idora direktori yozgan xatida u to‘liq arxiv o‘rniga atigi 200 sahifaga yaqin hujjat olganini ta’kidladi.
Source: kun.uz