Toshkent shahrida O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston energetika vazirlarining uch tomonlama uchrashuvi bo'lib o'tdi. Uchrashuv natijasida tomonlar mintaqaning suv-energetika sohasida muvofiqlashtirishni kuchaytirishga kelishib oldilar.
Foto: Qozog'iston Respublikasi Energetika vazirligi
Muzokaralarda Qozog'iston Energetika vaziri Yerlan Akkenjenov, Qirg'iziston Energetika vaziri Taalaibek Ibraev va O'zbekiston Energetika vaziri Jurabek Mirzamahmudov ishtirok etdi. Shuningdek, majlisga Tojikiston Energetika vaziri Daler Juma taklif qilingan edi.
Uchrashuv ishtirokchilari suv-energetika resurslarini boshqarishdagi hamkorlikning hozirgi holati, shuningdek mintaqaviy energetika tizimining barqaror ishlashini ta'minlash masalalarini muhokama qildilar. Alohida e'tibor elektr stansiyalarining ishlash rejimlarini kelishish, suv resurslaridan foydalanish parametrlariga rioya qilish va energiya ta'minotining barqarorligini oshirish uchun birgalikda qarorlar ishlab chiqishga qaratildi.
Tomonlar mavsumiy yuklama davrlarida o'zaro qo'llab-quvvatlashning ahamiyatini va Markaziy Osiyoning energetika xavfsizligini ta'minlash uchun chegaradosh daryolarda suvning barqaror darajasini saqlash zaruratini ta'kidladilar.
Muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlarni mustahkamlovchi va mamlakatlarning suv-energetika sohasida hamkorlikni davom ettirish niyatini tasdiqlovchi protokol imzolandi.
Source: kun.uz