AQSh Bosh prokurori Pam Bondi moliyachi Jeffri Epsteynning voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya uchun savdo qilishda ayblangan ishi materiallarida tilga olingan 300 nafar taniqli shaxs ro‘yxatini e‘lon qildi. Tegishli xat AQSh Kongressi rahbarlariga yuborilgani haqida The New York Post gazetasi xabar berdi.
Foto: Sky News
Bondining so‘zlariga ko‘ra, bu e‘lon Epsteyn ishiga oid hujjatlarning ochiq e‘lon qilinishi uchun belgilangan 2025-yil 19-dekabr chegarasiga to‘liq rioya qilishni anglatadi. E‘lon qilingan ro‘yxatda sobiq va hozirgi siyosatchilar, shuningdek, shou-biznes va texnologiya sohasidagi vakillar mavjud. Ulardan Bill Klinton, Xillari Klinton, Barak Obama, Mishel Obama, Kamala Xarris, Jo Bayden, Shahzoda Garri, Bill Geyts, Vudi Allen, Mark Tsukerberg va Beyonse kabi nomlar bor.
Ilgari Bondi birinchi qism ochiq materiallarni e‘lon qilgan edi. O‘sha paytda Epsteynning xususiy samolyoti bord jurnallari nusxalari, uning manzillar kitobi, dalillar ro‘yxati va shuningdek, "massajchilar ro‘yxati" deb atalgan hujjatlar chop etilgan. Hujjatda 254 ta ism bo‘lgan, ammo ular taxmin qilinayotgan qurbonlarning maxfiyligini himoya qilish uchun qora belgilar bilan to‘liq yashirilgan edi.
Bundan tashqari, Bondi Federal tergov byurosi (FBI) ish bo‘yicha minglab sahifalik materiallarni saqlab turishini aytdi. Idora direktori yuborilgan xatda u to‘liq arxiv o‘rniga atigi 200 sahifaga yaqin hujjat olganini ta‘kidladi.
Source: kun.uz