Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo'yicha Hukumatlararo komissiyaning majlisi protokoli tasdiqlandi. 2026-yil 17-fevraldan 2027-yil 1-yanvargacha bir qator tovarlar uchun import bojlari stavkalari pasaytiriladi, ayrim yo'nalishlar uchun esa bojlar to'lanmaydi.
2026-yil 16-fevraldagi Hukumatlararo komissiyaning majlisi protokoli tasdiqlandi. Hujjatda yuqori qo'shilgan qiymatli sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni rag'batlantirish, raqobatbardoshlikni oshirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo'llab-quvvatlash maqsadida amaldagi stavkalar o'rniga vaqtincha pasaytirilgan import boji stavkalarini joriy etish belgilandi.
Vaqtincha stavkalar 2026-yil 17-fevraldan 2027-yil 1-yanvargacha amal qiladi. Shu bilan birga, 2027-yil 1-yanvargacha Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining ayrim kodlari bo'yicha tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish maqsadida import qilinadigan tovarlar uchun pasaytirilgan stavkalar "Loyiha va import shartnomalari ekspertizasi markazi" Davlat unitar korxonasining ijobiy xulosasi asosida qo'llaniladi. Agar shartlar bajarilmasa, amaldagi stavkalar qo'llaniladi.
Pasaytirilgan stavkalar doirasida apelsin, ananas, greyfrut, pomelo va boshqa sitrus mevalaridan sharbat ishlab chiqarishda foydalaniladigan meva konsentratlari uchun 3 foiz import boji belgilandi.
Asosiy yangiliklar qatorida olmos, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar, shuningdek, kabel mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan alyuminiy sim uchun import bojidan ozod qilish kiritildi.
Source: kun.uz