Prezident Shavkat Mirziyoyev kosmosga sun'iy yo'ldosh uchirish bo'yicha dastlabki ishlar taqdimotini ko'rib chiqdi. Taqdimot davomida ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sun'iy yo'ldosh yaratish loyihasi ham muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda so'nggi 5 yil ichida O'zbekistonda masofadan zondlash ma'lumotlariga bo'lgan talab 3 baravar oshgani, hozirda kosmik monitoring bilan 10 dan ortiq davlat idoralari va barcha hokimiyatlar ishlayotgani ta'kidlandi.

– Eng muhimi, kosmik ma'lumotlar yordamida biz "ko'z bilan ko'rinmaydigan" iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlaymiz va ularni haqiqiy daromad manbaiga aylantiramiz. Bu davlat resurslarini boshqarish mexanizmi va madaniyatining o'zgarishidan dalolat beradi, – dedi prezident.

Shu bilan birga, kosmik sohada uzoq muddatli va barqaror milliy tizim – sun'iy yo'ldoshlarni boshqarish, ma'lumotlarni qayta ishlash va ularni amaliy qo'llash infratuzilmasini shakllantirish muhimligi ta'kidlandi. Buning maqsadi suveren va ob'ektiv ma'lumot manbaiga ega bo'lishdir.

Chet el mamlakatlarining tajribasi o'rganilgan va sun'iy yo'ldoshning aniqlik va foydali yukiga texnik talablar belgilanganligi qayd etildi.

Taqdimot davomida ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sun'iy yo'ldosh yaratish loyihasi ham ko'rib chiqildi. Loyiha doirasida mutaxassislar tayyorlash va muhandislik jamoasini shakllantirish, 2028-yilda "Mirzo Ulug'bek" nomli 6U formatidagi ilmiy sun'iy yo'ldoshni uchirish taklif qilindi.

Taqdimot yakunida Shavkat Mirziyoyev sun'iy yo'ldosh loyihalari bo'yicha hisob-kitoblar va amaliy takliflarni puxta ishlab chiqish uchun mas'ul shaxslarga tegishli ko'rsatmalar berdi.

Source: kun.uz