Hilola Umarova Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’lim islohotlari masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan ozod etildi. Shu bilan birga, u Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti rektori etib tayinlandi. Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimiga Ilhom Sirojev tayinlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning tegishli farmoniga ko‘ra, Hilola Umarova 2020–2022 yillarda Vazirlar Mahkamasiga qarashli Prezident, ijodiy va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori, 2022 yildan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri, 2025 yil iyul oyidan esa Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Uning o‘rniga Ilhom Sirojev tayinlandi. Ilgari, 2025 yil sentyabridan, u Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’lim islohotlari masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘limining loyihalar koordinatori bo‘lib ishlagan.

2006–2017 yillarda Sirojev Toshkent shahri Xalq ta’limi bosh boshqarmasi va Toshkent shahri O‘quvchilar texnik ijodiyoti markazida turli lavozimlarda ishlagan. 2017–2023 yillarda Xalq ta’limi vazirligida bosh iqtisodchi, moliyalashtirish, buxgalteriya hisobi va hisobot boshqarmasi boshlig‘i, moliyaviy tahlil va rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i, moliya departamenti direktori lavozimlarida faoliyat olib borgan. U pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori va “Ta’limda menejment” yo‘nalishi bo‘yicha dotsent ilmiy unvoniga ega.

Shu bilan birga, prezident qarori bilan Hilola Umarova Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining pedagogik ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti rektori etib tayinlandi.

Source: kun.uz