Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida 9 ta hududda umumiy maydoni 134 gektar bo‘lgan yangi jamoat parklari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. 25-fevral kuni o‘tkazilgan taqdimotda Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu va boshqa takliflarni ma’qulladi.

Loyihalarning kamida 30 foizida (400 gektar) yashil maydonlar tashkil etilishi shart. Toshkent va unga tutash hududlardagi yashil maydonlar 3 baravar (25 ming gektargacha) oshirilishi, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil maydon esa 3 m² dan 6 m² gacha ko‘tarilishi rejalashtirilmoqda.

Shahar muhitini sog‘lomlashtirish va turmush sifatini yaxshilash uchun yashil hududlarni kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Hozirda poytaxtda 3,1 milliondan ortiq aholi yashaydi, 2045-yilga borib bu ko‘rsatkich ikki baravardan ko‘proqqa oshishi kutilmoqda.

Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov taqdimotda 85 ta qurilish loyihasini (umumiy maydoni 2679 gektar) ko‘rib chiqqanligini aytdi. Loyihalar yagona shaharsozlik yondashuvi, kamida 30 foiz yashil maydon, eskirgan uchastkalarni yangilash va kichik yerlarda zich qurilishdan voz kechish asosida baholandi.

Natijada, 18 loyihaga ruxsat berildi, 12 tasi optimallashtirilishi, 54 tasi esa to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi kerak deb topildi.

Prezident urbanizatsiya jarayonlarini jamoatchilik manfaatlari, sog‘lom muhit va ekologik standartlar bilan bog‘liq holda rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Infratuzilma to‘lovlari yangi yashil hududlar va shahar infratuzilmasi qurilishiga yo‘naltirilishi kerakligini ta’kidladi.

Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini kengaytirish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Prezident markaziy qismdan sanoat korxonalarini ko‘chirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish muhimligini ta’kidladi.

Ma’qullangan loyihalar amalga oshirilsa, poytaxtning yalpi hududiy mahsulotiga yiliga qo‘shimcha 1,5 mlrd dollar, budjetga 3,5 trln so‘m tushum va 260 ming ish o‘rni kutilmoqda.

Source: www.gazeta.uz