Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish va tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda turli sabablarga ko‘ra to‘liq quvvatda ishlamayotgan va tushumi kamaygan korxonalar faoliyatini o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi. Bunday holatlar asosan to‘qimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat, neft-kimyo, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda kuzatilmoqda.

Ushbu toifadagi korxonalar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar orasida aylanma mablag‘ yetishmovchiligi, kommunal infratuzilma bilan bog‘liq masalalar, loyihalarning kechikishi, uskunalarning eskirgani, xomashyo zanjiridagi uzilishlar, mahsulotga talabning pasayishi kabi muammolar ko‘rsatib o‘tildi.

Bu muammolarni hal qilish orqali korxonalarda ishlab chiqarishni tiklash va mavjud quvvatlarni to‘liq ishga solib, qo‘shimcha 65,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish imkoniyati borligi aniqlandi.

Shu bois, har bir korxona holatini alohida o‘rganib, ularni to‘liq quvvatga olib chiqish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Buning uchun mutasaddi idoralar va banklar ishtirokida Respublika shtabi tashkil etiladi. Shtab vakillari joylarga chiqib, ikki hafta muddatda korxonalar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan masalalarni aniqlaydi va ularni joyida hal etish choralarini ko‘radi.

Faoliyatini tiklash imkoniyati mavjud korxonalarga zarur kredit mablag‘larini ajratish, aylanma mablag‘ bilan ta’minlash, infratuzilma va xomashyo masalalarini hal etish bo‘yicha banklar va mas’ul idoralar birgalikda ishlaydi.

Taqdimotda tijorat banklari balansidagi yirik mol-mulklar masalasiga ham e’tibor qaratildi. Bugungi kunda banklar balansida qiymati 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan 70 ta mol-mulk mavjud. Mazkur aktivlarni iqtisodiyotga qayta jalb qilish, ularga investor topish va ishlab chiqarish maydonlariga aylantirish bo‘yicha alohida mexanizmlar ishlab chiqilishi belgilandi.

Taqdimotda investitsiya dasturlari doirasida ishga tushirilgan loyihalar faoliyatini hisobga olish va ularning natijadorligini baholash masalasiga to‘xtalib o‘tildi. 2021−2025-yillarda amalga oshirilgan qariyb 17 mingta loyiha natijasida ishga tushgan korxonalarning ayrimlari o‘z faoliyatini soliq va statistika hisobotlarida to‘liq aks ettirmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga har bir loyihani o‘rganib, ularni soliqqa tortish va statistika hisobotlarida to‘g‘ri aks ettirishni ta’minlash topshirildi.

Shuningdek, ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan hamda aholi va tadbirkorlik subyektlarining e’tirozlariga sabab bo‘layotgan ayrim masalalar hamda ularning yechimi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Soliq ma’murchiligi va moliyaviy jarimalar yo‘nalishida soliq imtiyozlarini qo‘llashda yuzaga kelayotgan nizoli holatlarni bartaraf etish, soliq qarzdorligi bo‘yicha hisoblanayotgan penya asosiy qarz summasidan oshib ketmasligi bo‘yicha normani joriy etish, chek bermaslik holati yuzasidan xabar yuborish tizimini suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish, QQS guvohnomasini to‘xtatish tartibini takomillashtirish ilgari surildi.

Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Temur Ismoilovning ta’kidlashicha, tadbirkorlarda penya miqdori soliq qarzining o‘zidan oshib ketgan holatlar kuzatilgan.

“Tadbirkorlik subyektlarini soliq qarzdorligi bo‘yicha penya summasi asosiy soliq qarzdorligidan yuqori bo‘lgan holatlar vujudga kelayotgan edi. Bu ham tadbirkorlik subyektlariga noqulayliklar yaratayotgan edi. Belilab qo‘yilyaptiki, soliq qarzdorligi bo‘yicha penya summasi asosiy soliq qarzdorligidan yuqori bo‘lmasligi nuqtai nazaridan tegishli o‘zgartirish kiritish. Bu ham o‘z navbatida tadbirkorlik subyektlariga yengillik beradi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, QQS to‘lovchisi guvohnomasining amal qilishini to‘xtatib turish tartibini ham o‘zgartirish taklif etilmoqda. Ilgari bu jarayon avtomatik tarzda amalga oshirilgan, bu esa qaror sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan holatlarda javobgarlik masalasini murakkablashtirgan.

“Bugungi kunda sudlar tomonidan [avtomatik] qabul qilingan qaror haqiqiy emas deb topilib, javobgarlik masalasi ochiq qolayotgan edi. Chunki avtomatlashgan tartib bo‘lgandan keyin kimligini aniqlash qiyin bo‘layotgan edi. Shu nuqtai nazardan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha guvohnoma muddatini to‘xtatish yuzasidan soliq organi rahbari va o‘rinbosarini belgilash vazifasi yuklatilyapti”, — dedi Soliq qo‘mitasi vakili.

Uning ta’kidlashicha, bu soliq organlarining shaxsiy javobgarligini oshirishi kerak.

“Ya’ni bu nima beradi? Bu birinchi navbatda mas’uliyatni beradi. Tadbirkorlik subyektlarining qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha guvohnomasini bekor qilishni rahbar yoki uning o‘rinbosari o‘z zimmasiga oladi”, — dedi Temur Ismoilov.

Eslatib o‘tamiz, prezident huzuridagi yig‘ilish yakunlariga ko‘ra suv va alkogolsiz ichimliklarni raqamli markirovkalash tizimida agregatsiya joriy etilishini kechiktirish, markirovka qoidalarini buzganlik uchun jarimalarni kamaytirish va umumiy ovqatlanish hamda savdo sohasi uchun qat’iy miqdordagi sanksiyalarni joriy etish, shuningdek, kafe va restoranlar uchun naqdsiz to‘lovlar ulushidan qat’i nazar QQSni 40 foizgacha qaytarish tartibini soddalashtirish choralari qo‘llab-quvvatlangan edi.

Shuningdek, peshlavhalar va tashqi reklama tartibini qayta ko‘rib chiqish, o‘z kartalari o‘rtasidagi o‘tkazmalar uchun komissiyalarni bekor qilish, tadbirkorlar uchun ayrim jarimalarga moratoriy joriy etish, bir qator savdo obyektlari uchun ekologik ekspertiza va kompensatsiya to‘lovlari tartibini yumshatish hamda boshqa choralar rejalashtirilmoqda.

Source: www.gazeta.uz