Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentdagi Zanmakon madaniy makonida rassom-keramikachi Rimma Gazaliyevaning “Qimmat” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu ko‘rgazma ayollar, ularning tajribasi, ijodi va jamiyatdagi o‘rniga bag‘ishlangan bo‘lib, rassomning ijodi ushbu mavzuning ideal ifodasiga aylangan.

Zanmakon asoschilaridan biri Elnora Ibragimova-Rizayeva ta’kidlashicha, Rimma Gazaliyevaning ijodi ayolning yangi arxetipi haqidagi o‘ziga xos essedir. Uning so‘zlariga ko‘ra, rassom uzoq yillar o‘zini boshqalarga bag‘ishlagan, biroq qaysidir lahzada o‘zini tanlab, sevimli ishi bilan shug‘ullana boshlagan. Bugun u o‘zini yaxshi ko‘radigan, qadrini biladigan va o‘z tanlovidan qo‘rqmaydigan qahramonlar obrazlarini yaratmoqda, bu ko‘plab ayollar uchun ilhomlantiruvchi namunadir.

Rimma Gazaliyeva bir necha o‘n yillardan beri keramika va chinni bilan ishlab keladi. U UP. Benkov nomidagi Respublika rassomchilik bilim yurtini, so‘ngra A. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomchilik institutining keramika bo‘limini tamomlagan. O‘qishdan so‘ng Farg‘ona vodiysidagi Quvasoy chinni zavodiga amaliyotga borib, u yerda ishlash uchun qolgan va keyinchalik bosh rassomga aylangan. Gazaliyevaning so‘zlariga ko‘ra, aynan zavod unga ko‘p tajribalar o‘tkazish va material bilan ishlashda o‘ziga xos yondashuvni izlash imkonini bergan.

“Menda yo‘nalishlar juda ko‘p. Ba’zan mutaxassislar ishlarimni ko‘rib, bularning barchasini bir kishi qilayotganiga hayron qoladi. Bu yillar o‘tishi va to‘plangan tajriba bilan keladi. Ko‘p narsa ko‘rganlik juda muhim: boshqa davlatga borsam, birinchi navbatda, muzeyga kiraman. U yerda ko‘rganlarimning barchasi asta-sekin didimni shakllantiradi, menga nima yoqishiga ta’sir qiladi va yangi g‘oyalarni topishga yordam beradi”, — deydi rassom.

Gazaliyeva deyarli butun umri davomida ijodni oila tashvishlari va farzand tarbiyasi bilan birga olib bordi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat uning o‘z ijodiy amaliyotiga qancha vaqt ajrata olishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. “Men uch bolani katta qildim va, albatta, ro‘zg‘orning butun og‘irligi mening gardanimda edi. Ortgan vaqtimdagina ijod bilan shug‘ullanardim, rejalarni keyinga qoldirardim — o‘zim uchun vaqt shunchaki yetmasdi”, — deydi Gazaliyeva. Bolalari ulg‘aygach, u o‘z loyihalari bilan ko‘proq shug‘ullanish va Toshkentdagi studiyasida ishlash imkoniga ega bo‘lgan.

Rassomning ayolning holati haqidagi fikrlariga uning shaxsiy tajribasi ta’sir ko‘rsatdi. O‘z asarlarida u ayolning faqat ona, rafiqa va o‘choq bilan o‘ralashib qolgan uy bekasi kabi odatiy obrazlaridan uzoqlashishini hamda uni o‘z xohishlari, qiziqishlari va o‘z yo‘lini tanlash huquqiga ega bo‘lgan mustaqil shaxs sifatida ko‘rsatishni muhim deb biladi. Shu tariqa, Gazaliyevaning ijodida ayollar portretlari seriyasi paydo bo‘ldi. Uning qahramonlari esa xarakteri va kayfiyati turlicha, ammo o‘zini namoyon qilishda birdek erkin bo‘lgan zamonaviy qizlardir.

“Ishlarimdagi qahramonlarni ko‘rib, odamlar tez-tez: „Ular sizda qandaydir kibrli ekan“ deyishardi. Men esa doim hayron qolardim: nega kibrli bo‘larkan? Men uchun ular o‘ziga ishongan, o‘zlarini yetarli deb hisoblaydigan va o‘ychan. Bir kuni kimdir: „Axir bu Qimmat-ku!“ deb qoldi. Men esa o‘ylab qoldim: haqiqatan ham, mening qizlarim Qimmat bo‘la qolsin”, — deb eslaydi rassom.

Qimmat — “Zumrad va Qimmat” o‘zbek xalq ertagining bosh qahramonlaridan biri. Odatda kamtar, itoatkor va yuvosh singlisi sifatida qabul qilinadigan Zumraddan farqli o‘laroq, Qimmat uning tamoman aksidir. Ko‘rgazmaning nomi aynan shu obrazga ishora qiladi. Gazaliyeva qaysar va o‘jar Qimmatga boshqacha qarashni taklif qiladi: odatda g‘urur va kibr sifatida qabul qilinadigan xislatlar ortida, u ayolning mustaqilligini hamda hammaga yoqishga intilmasdan, qanday bo‘lishni o‘zi hal qilish qobiliyatini ko‘radi.

Gazaliyeva tomonidan yaratilgan ayollar obrazlarining o‘ziga xos xususiyati — aniq bir prototipning yo‘qligidir. Rassom o‘z qahramonlarini ish jarayonida o‘ylab topadi. Har birining o‘z qiyofasi, soch turmagi, yuz ifodasi va qarashi bor. U obrazlarni qahramonlarning ijtimoiy kelib chiqishi yoki boyligi haqida so‘zlab berishi mumkin bo‘lgan taqinchoqlar yoki boshqa detallar bilan to‘ldirmaydi. “Men ataylab toza obraz yaratdim — zirak, marjon va boshqa taqinchoqlarsiz. Ayol o‘z holicha to‘kis va mustaqil bo‘lishini, unga hech qanday qo‘shimcha narsa kerak bo‘lmasligini xohladim. Bu yerda yuz, qarash va holat muhim. Men uchun zamonaviy yosh ayol mana shunday ko‘rinishga ega”, — deb tushuntiradi Rimma Gazaliyeva.

E’tiborlisi shundaki, rassomning ishlari doimiy ekspozitsiyadan ajratilmagan, balki muzey intereriga singdirilgan. Ayollarning yuzi chizilgan likopchalar so‘zana va rasmlar yonida ilingan, yorqin choynaklar, piyolalar va likopchalar esa eski yog‘och mebellar va sovet radiolasi ustida turibdi. Shu tufayli chinni bir vaqtning o‘zida ham san’at asari, ham tanish uy-ro‘zg‘or buyumi sifatida qabul qilinadi.

“Qimmat” ko‘rgazmasi 25-avgustga qadar davom etadi. Unga har kuni soat 10:00 dan 19:00 gacha tashrif buyurish mumkin. Kirish bepul.

Source: www.gazeta.uz