O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yomg‘ir yog‘ganiga qaramay, havodagi PM2,5 va PM10 zarrachalari miqdori sezilarli darajada kamaymagan va havo sifati yaxshilanmagan. Agentlik buning sabablarini tushuntirdi.
Odatda, yomg‘ir chang va mayda zarrachalarni yuvib tushirish orqali havoni tozalashga yordam beradi. Biroq, tuman paytida va yomg‘irdan keyin PM2,5 konsentratsiyasining oshishi tabiiy holat ekanligi ta’kidlandi.
O‘zgidrometning xabarida: "Yomg‘ir havoni tozalovchi omil sifatida qabul qilinsa-da, atmosferadagi jarayonlar murakkabdir. Tuman mayda suv tomchilari majmuasi bo‘lib, ularda chang va qorakul zarrachalari to‘planadi, shuningdek, ikkilamchi aerozollar shakllanadi. Tuman sharoitida shamol sust bo‘ladi, havo aylanishi cheklanadi va harorat inversiyasi kuzatiladi. Bu omillar ifloslantiruvchi moddalarning yerga yaqin qatlamda ushlanib qolishiga sabab bo‘ladi, bu esa PM2,5 konsentratsiyasining oshishiga olib keladi", deyiladi.
Kuchli yomg‘ir paytida ifloslantiruvchi moddalar yuvilib tushishi mumkin, lekin yomg‘irdan keyin mayda zarrachalar konsentratsiyasining qayta oshishi ehtimoli mavjud. Bunga yuqori namlik sharoitida zarrachalarning gigroskopik xususiyatlarga ega bo‘lib, o‘lchami kattalashishi va o‘lchov asboblari tomonidan faolroq qayd etilishi sabab bo‘ladi. Shuningdek, namlikning bug‘lanishi ikkilamchi aerozollar hosil bo‘lishini kuchaytirishi mumkin. Shamol bo‘lmagan holatda ifloslantiruvchi moddalar yerga yaqin qatlamda to‘planishda davom etadi.
3-mart kuni soat 9:00 holatiga ko‘ra, Toshkentdagi PM2,5 zarrachalarining o‘rtacha sutkalik miqdori 78 mkg/m3 ni tashkil etdi, bu milliy standart bo‘yicha ruxsat etilgan me’yordan (60 mkg/m3) 30% ga ko‘p. PM10 zarrachalarining miqdori esa 85 mkg/m3 ni tashkil qilib, ruxsat etilgan me’yordan (300 mkg/m3) oshmadi.
Source: www.gazeta.uz