Toshkent shahrida o‘zini Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimi deb tanishtirib, 30 ming dollar talab qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi (IIV) matbuot xizmati xabar berdi.
Holat 1-martdan boshlab o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor profilaktik tadbirlari doirasida aniqlangan. Yangixayot tumanida IIV va prokuratura xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda 52 yoshli fermer xo‘jaligi ishchisi ushlangan.
U o‘zini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirib, muammoli vaziyatga tushgan fuqarolarga yordam berishini aytib, pul talab qilgan. Jumladan, 41 yoshli fuqaroga o‘zini DXX xodimi deb tanishtirib, uning jinoyat ishini ijobiy hal qilib berishni va’da qilgan va evaziga 30 ming dollar talab qilgan.
Kelishilgan kuni Sergeli tumanidagi kafelarda so‘ralgan pulning 10 ming dollarini olgan vaqtida u tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 28-modda orqali 211-modda 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyati prokuraturasining devonxona noziri tadbirkordan 9 ming dollar olayotganida ushlangan edi. U buning evaziga savdo do‘konidagi elektrdan qarzdorlikni bartaraf etib bermoqchi bo‘lgan.
Source: www.gazeta.uz