G‘azo shahrida 14 yoshli Muhammad al-Rubiy quyosh ostida uzoq navbatda non kutmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi kunlar non tugab qolgani uchun qo‘l quruq qaytishga majbur bo‘ladi.
Isroilning G‘azoga importga qo‘ygan cheklovlari tufayli un va yoqilg‘i tanqisligi yuzaga kelgan. Bu esa nonvoyxonalarning aholi ehtiyojini qondira olmasligiga sabab bo‘lmoqda.
Falastinliklarning aksariyati Isroilning genotsid urushi tufayli ko‘chirilgan bo‘lib, ular qolgan bir necha nonvoyxonalar oldida soatlab navbatda turib, subsidiyalangan non paketlarini olishga majbur.
Muhammadning amakisi va uning oilasi bir uyda yashaydi va ovqatni bo‘lishadi, shuning uchun ularga har kuni ko‘p miqdorda non kerak. “Ba’zi kunlar non tugab, odamlar ko‘p bo‘lgani uchun qo‘l quruq qaytamiz”, deydi u.
G‘azo hukumati matbuot kotibi Ismoil al-Tavabtaning so‘zlariga ko‘ra, hududga kuniga 450 tonna un kerak, ammo atigi 200 tonna kirayapti. Tanqislik Isroilning 28 fevral kuni o‘tish joylarini yopishi bilan bog‘liq.
Isroil o‘tish joylarini qisman ochgan bo‘lsa-da, transport cheklangan. “Sulh” shartlariga ko‘ra, Isroil cheklovlarni sezilarli darajada yumshatishi kerak edi, ammo bu amalga oshmayapti.
Aholining uchdan bir qismi Butunjahon oziq-ovqat dasturi (WFP) tomonidan ta’minlanadigan nonvoyxonalarga tayanadi. Bir paket non (8-9 pita) taxminan 1 dollarga sotiladi. Biroq WFP un yetkazib berishni qisqartirishga majbur bo‘lgan.
72 yoshli beva ayol Maysar Abu Rekab uchta nogiron oila a’zosini boqadi. Uning aytishicha, non paketi endi 10-15 shekel (3.45-5.17 dollar) turadi va bir oilaga kuniga ikki paket kerak. Bu past daromadlar va un narxining oshishi bilan birga og‘ir yuk bo‘lmoqda.
Non tanqisligidan tashqari, G‘azoda gaz ballonlari yetishmasligi kuzatilmoqda. Yoqilg‘i sifatida ishlatiladigan o‘tin narxi ham oshgan. Nonvoyxonalar elektr generatorlari uchun kerak bo‘lgan moyni ham olishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Nonvoyxona ishchisi Shodiy Abu G‘arqudning aytishicha, bir litr moy narxi 2000 shekelga (689 dollar) yetgan. Bu xarajatlar non narxiga ta’sir qilmoqda.
O‘tgan yilgi ocharchilikdan zo‘rg‘a qutulgan G‘azo aholisi gumanitar inqirozning kengayishi ochlikning qaytishiga olib kelishidan qo‘rqmoqda. Maysar: “O‘tgan ocharchilikda odamlar bir parcha non uchun o‘layotgan edi. Bu inqiroz yomonlashishidan oldin hal qilinishi kerak”, deydi.
Source: www.aljazeera.com