Yaqin Sharqdagi xavfsizlik muammolari yangi yondashuvlarni talab qilmoqda. Saudiya Arabistoni tomonidan ilgari surilayotgan o‘zaro hujum qilmaslik to‘g‘risidagi pakt Eronni ham qamrab oladi. Loyiha Tehron manfaatlariga mos kelishi mumkin, biroq mintaqadagi AQSh harbiy bazalari va Isroil siyosati ushbu tashabbusning to‘liq amalga oshishini shubha ostiga qo‘yadi.
Kamoliddin Rabbimovning fikricha, AQSh va Eron o‘rtasidagi urush mintaqadagi kuchlar muvozanatini va siyosiy tizimlar haqidagi tasavvurlarni jiddiy o‘zgartirdi. Ilgari Eron juda zaif davlat ekanligi va ichki noroziliklar tashqi bosim ostida uning siyosiy tizimini qulashiga olib kelishi mumkinligi haqida fikrlar mavjud edi. Biroq voqealar bu stsenariy bo‘yicha rivojlanmadi.
Endi Saudiya Arabistoni Eron mintaqadagi uzoq muddatli ta’sirini saqlab qoladigan asosiy o‘yinchilardan biri ekanligini anglab yetdi. Boshqacha aytganda, Eron ko‘pchilik o‘ylagandek mo‘rt va beqaror emas.
Shuning uchun Ar-Riyod yangi mintaqaviy xavfsizlik tizimini shakllantirish g‘oyasini ilgari surmoqda. Bu tizim Erondan muhim geosiyosiy omil sifatida foydalanishi va AQSh hamda Isroilga haddan tashqari qaramlikni kamaytirishga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Ushbu tashabbus ma’lum ma’noda Sovuq urush davridagi Xelsinki kelishuvlarini eslatadi. 1975-yilda imzolangan ushbu kelishuvlar Sovet Ittifoqi va Yevropa davlatlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvning oldini olishga xizmat qilgan. Tomonlar o‘zaro aloqa kanallari, muzokara mexanizmlari va ishonchni mustahkamlash vositalarini yaratishga kelishgan.
Bugun Saudiya Arabistoni shunday modelni taklif qilmoqda. Ar-Riyod pozitsiyasiga ko‘ra, Saudiya hududidan Eronga hujumlar bo‘lmasligi kerak, Eron esa Saudiya Arabistoniga tahdid qilmasligi lozim. Shu asosda o‘zaro hujum qilmaslik to‘g‘risidagi pakt g‘oyasi ilgari surilmoqda. Loyiha hali amaliy bosqichga o‘tmagan, ammo mintaqadagi musulmon davlatlari o‘rtasida muvofiqlashtirishni kuchaytirishga qaratilgan siyosiy tashabbus sifatida ko‘rilmoqda.
Qatar, Bahrayn va Ummon kabi davlatlar ushbu kelishuvga qiziqish bildirishi mumkin. Biroq BAA hozircha kutish pozitsiyasini egallab turibdi. So‘nggi urush fonida Abu-Dabi xavfsizlik masalalarida AQSh va Isroil bilan hamkorlikni kuchaytirishga moyillik namoyish etmoqda.
Tabiiyki, Eron ham bunday kelishuvdan manfaatdor, chunki bu unga mintaqada qonuniy va uzoq muddatli o‘yinchi sifatida tan olinish imkonini beradi.
Shuhrat Rasulning ta’kidlashicha, 2019-yilda Eron allaqachon Fors ko‘rfazi davlatlariga o‘zaro hujum qilmaslik va mintaqadagi harbiy bosimni kamaytirish to‘g‘risida kelishuv taklif qilgan edi. Biroq o‘sha paytda bu tashabbus amalga oshmadi. Asosiy sabab Yaman urushi fonidagi keskinlik edi – Eron qo‘llab-quvvatlagan husiylar Saudiya Arabistonining neft infratuzilmasiga raketa hujumlari uyushtirgan. Saudiya Arabistoni muzokaralar kun tartibiga Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan proksi-kuchlar ham kelishuv bilan qamrab olinishi shartini qo‘ygan.
Eron esa proksi-kuchlarni alohida tomon sifatida rasmiy kelishuvga kiritishdan bosh tortgan, shuning uchun muzokaralar natija bermagan. Bugun vaziyat o‘zgargan va Eronning o‘zi shunday tashabbuslar bilan chiqmoqda. Bu mintaqaviy geosiyosatda sezilarli siljishdan dalolat beradi.
Biroq AQSh o‘z harbiy bazalari orqali “xavfsizlik soyaboni”ni ta’minlashni va’da qilgan bo‘lsa-da, urush avj olgan paytda, Fors ko‘rfazi davlatlari Patriot, THAAD va boshqa havo mudofaa tizimlariga juda muhtoj bo‘lganida, ularni taqdim etmadi. Natijada arab davlatlarining neft-gaz infratuzilmasi ob’ektlarining bir qismi zarbalardan zarar ko‘rdi.
Bu Fors ko‘rfazi monarxiyalarining AQSh xavfsizlik kafolatlariga nisbatan savollarini kuchaytirdi. AQSh o‘z resurslarini ko‘proq Isroilni himoya qilishga yo‘naltirgani ham mintaqadagi ba’zi davlatlarning noroziligiga sabab bo‘ldi.
Shu bilan birga, AQSh va ba’zi Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sir ko‘rsatayotgan siyosiy va diplomatik keskinliklar mavjud. Amerika ma’muriyatining ba’zi vakillarining qattiq ritorikasi mintaqaviy hamkorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
BAA bu jarayonda nisbatan mustaqil strategiyaga amal qilmoqda. Ular Isroildan havo mudofaa tizimlarini sotib olgan va o‘z infratuzilmasini mustahkamlashga intilmoqda.
Bundan tashqari, BAA yangi neft quvuri yordamida eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilmoqda. Agar u ishga tushirilsa, BAA neftining katta qismi Hormuz bo‘g‘izi o‘rniga Qizil dengiz orqali eksport qilinishi mumkin. Natijada BAAning geosiyosiy pozitsiyasi va Eron bilan munosabatlaridagi muvozanat ma’lum darajada o‘zgarishi mumkin. Biroq bu jarayon vaqt talab qiladi.
Source: kun.uz