Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh rejimi tomonidan deportatsiya qilingan G‘arbiy Afrika davlatlaridan kelgan to‘qqiz nafar migrantni olib ketgan birinchi samolyot Syerra-Leone poytaxti Fritaun yaqinidagi aeroportga qo‘ndi. Bu, prezident Donald Trampning immigratsiyaga qarshi qattiq choralari doirasida quvilgan migrantlarni qabul qilgan eng so‘nggi Afrika davlatidir.

Syerra-Leone Ichki ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, chorshanba kuni kelganlar orasida Gana (5 kishi), Gvineya (2 kishi), Senegal (1 kishi) va Nigeriya (1 kishi) fuqarolari bor. Voqea joyida bo‘lgan sog‘liqni saqlash vazirligi xodimi Doris Bahning aytishicha, ularning barchasi “AQShda hibsda zanjirband qilingan oylar tufayli ruhiy jarohat olgan” va aksariyati o‘z vatanlariga qaytishni xohlaydi.

Bahning qo‘shimcha qilishicha, deportatsiya qilinganlarning ba’zilari ko‘chada yoki ish joyida, yana biri esa AQShda futbol o‘ynab yurganida hibsga olingan. Ular mehmonxonaga joylashtirilgan va eng kechi ikki hafta ichida o‘z mamlakatlariga jo‘natilishi kutilmoqda.

Tashqi ishlar vaziri Timoti Musa Kabba chorshanba kuni matbuotga bergan bayonotida hukumat migrantlarni o‘z mamlakatlariga jo‘natishdan oldin taxminan 90 kun qabul qilishga rozi bo‘lganini va kelishuv AQSh rejimining 1,5 million dollarlik granti bilan qo‘llab-quvvatlanishini aytdi. Bu mablag‘ “ushbu kelishuv bilan bog‘liq gumanitar va operatsion xarajatlarni qoplash” uchun mo‘ljallangan.

AQSh rejimi kamida sakkizta boshqa Afrika davlati bilan ham bunday uchinchi davlat orqali deportatsiya kelishuvlarini tuzgan. Ular orasida Kongo Demokratik Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Janubiy Sudan, Ruanda, Uganda, Esvatini, Gana va Kamerun bor. Fritaun boshqa imtiyozlar kelishilgani haqida ma’lumot bermagan.

Human Rights Watch tashkiloti sentabr oyida Afrika davlatlarini bunday “shaffof bo‘lmagan kelishuvlar”ni rad etishga chaqirib, bu AQSh siyosatining xalqaro inson huquqlari qonunlarini buzuvchi yondashuvi ekanini ta’kidlagan edi.

Source: www.aljazeera.com