Afg‘onistonning G‘ur viloyatida bir erkak o‘zining 7 yoshli qizini sotishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. U bu qarorni o‘ta qashshoqlik, to‘plangan qarzlar va oilasini boqa olmaslik bilan izohladi.
Abdulla Rashid Azimiyning so‘zlariga ko‘ra, uning oilasi asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga ham pul topa olmaydigan ahvolga tushib qolgan. U bolalari doim ovqat so‘rashini, ammo ularni ta’minlashga qodir emasligini ta’kidlaydi.
“Men kambag‘alman, qarzlarim bor, choram qolmagan. Bolalar non so‘raydi, lekin beradigan hech narsam yo‘q”, — deya keltiradi uning so‘zlarini BBC.
Erkak bolani sotishni omon qolishning eng so‘nggi chorasi sifatida ko‘rishini aytib, olingan mablag‘ qolgan bolalarni bir necha yil boqishga yordam berishini qo‘shimcha qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, oilada 7 yoshli egizak qizlar tarbiyalanmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, iqtisodiy beqarorlik, ijtimoiy yordamning yo‘qligi va ayrim hududlardagi bosim erta nikohlar va bolalarni boshqa oilalarga berish yoki ularni sotish amaliyoti xavfini oshiradi. Huquq himoyasi tashkilotlari bunday holatlar oilalarning chuqur tizimli zaifligini aks ettirishidan xavotir bildirmoqda.
Vaziyat Afg‘onistonda oilaviy qonunchilikdagi so‘nggi o‘zgarishlar fonida yuz bermoqda. Avvalroq “Tolibon” harakati balog‘at yoshiga yetgan qizning sukuti nikohga rozilik deb talqin qilinishi mumkin bo‘lgan normani mustahkamlagan edi. Bu yangilik huquq himoyachilari va xalqaro tashkilotlarning keskin tanqidiga uchradi, ular ayollar va qizlarning huquqlari yanada cheklanishi xavfini bildirdi.
Xorijiy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, yangi oilaviy kodeks ajralish, vasiylik va nikoh shartnomalari masalalarini, shu jumladan, hokimiyat nazorati ostidagi diniy yoki sud organlarining roziligi bilan voyaga yetmaganlar bilan nikoh tuzish imkoniyatini ham o‘z ichiga oladi. Huquq himoyachilari bunday normalar ayollar va qizlarning huquqlarini himoya qilish imkoniyatlarini yanada cheklashi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Source: podrobno.uz