O‘zbekiston Turkiyaning Hatay viloyati Arsuz tumanida 24 ta ko‘p qavatli uydan iborat zamonaviy turar-joy majmuasini barpo etdi. Majmua O‘zbekistonning 2023-yildagi halokatli zilziladan jabr ko‘rgan birodar turk xalqiga ko‘rsatgan yordami doirasida qurilgan.
Ochilish marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov, Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush, Hatay gubernatori Mustafo Masatli va boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etdi. Tadbirda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik mustahkamligi ta’kidlandi.
O‘rta yer dengizi sohilida joylashgan majmua 300 dan ortiq kvartirani o‘z ichiga oladi. Hududda Samarqand va Toshkent nomidagi ko‘chalar, “Buxoro” masjidi, Shavkat Mirziyoyev xiyoboni, “O‘zbekiston” do‘stlik bog‘i, ovqatxona, bolalar va sport maydonchalari mavjud.
Marosimda 2023-yilgi zilzila turk xalqi uchun og‘ir sinov bo‘lgani, O‘zbekiston esa birinchilardan bo‘lib yordamga kelgani qayd etildi. Ikki birodar xalqning birdamligi va hamkorligi bundan keyin ham davom etishi ta’kidlandi.
Source: kun.uz