Kaspiy dengizining sayozlashuvi va u bilan bog‘liq kemachilikdagi qiyinchiliklarga qaramay, Transkaspiy yo‘nalishining salohiyati yuqoriligicha qolmoqda. Bu haqda TRASEKA hukumatlararo dasturi bosh kotibi, O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kaspiyning sayozlashishi davriy xarakterga ega va dengizning turli qismlariga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. “Sayozlashuv, xususan, Kaspiy dengizining shimoli-sharqiy qismida yuz bermoqda, Turkmanboshi porti hududi yoki Eron bilan chegara esa dengizning eng chuqur zonalaridan biri hisoblanadi”, — deb ta’kidladi u.
Jasurbek Choriyev suv sathining pasayishi Kaspiyda yuk tashish bilan shug‘ullanadigan paromlar faoliyatining bir qismiga ta’sir ko‘rsatayotganini tasdiqladi. “Sayozlashuv tufayli ayrim paromlarning yuk ko‘tarish quvvati pasaymoqda, shu bois bir nechta chora-tadbirlar ko‘rib chiqilmoqda. Sayozroq joylarda samarali ishlay oladigan kemalarni izlash kerak”, — dedi u.
Choriyevning so‘zlariga ko‘ra, flotni yangilash imkoniyatlarini mintaqa davlatlari ham, xususiy tashuvchilar ham o‘rganmoqda. “Qozog‘iston va Ozarbayjon yangi paromlar qurmoqda, ularning soni ortib bormoqda. Turkmanistonda esa ular umuman olganda yetarli”, — deya izoh berdi TRASEKA bosh kotibi.
Jasurbek Choriyev Turkmanboshi porti orqali tashuvlar hajmini oshirish imkoniyatlariga e’tibor qaratdi. “Hozirda Turkmanboshi porti o‘z salohiyatidan to‘liq foydalanmayapti, bunga, xususan, tashuvchilar uchun viza olish oson emasligi sabab bo‘lmoqda. Ruxsatnomalar bilan bog‘liq masalalar ham bor. Ularni faolroq jalb etish lozim. Bu port hozirda taxminan 25-30 foizga ishlatilmoqda. Shu sababli hozircha salohiyat katta”, — deya ta’kidladi u.
Tashkilot bosh kotibi O‘rta yo‘lak orqali tashuvlar hajmi o‘sishiga, dengizga chiqish imkoniyati va port infratuzilmasiga ega mamlakatlar esa unga sarmoya kiritishda davom etishiga ishonch bildirdi.
TRASEKA rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yo‘nalishning kema qatnovi uchun yaroqliligini saqlab qolish Kaspiybo‘yi davlatlari uchun asosiy vazifalardan biri bo‘lib qoladi. “Ular kanallarning o‘tkazuvchanligini saqlab qolish uchun ularni chuqurlashtiradilar”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Yaqin Sharqdagi vaziyatning O‘rta yo‘lak rivojiga ta’siri haqidagi savolga javob berar ekan, Choriyev transport yo‘nalishlari o‘zaro bog‘liqligini va bir yo‘nalishdagi o‘zgarishlar boshqalarida aks etishini qayd etdi. “Bir yo‘lakning yopilishi asosan boshqa yo‘nalishdagi talabni oshiradi. Bu tabiiy hol”, — dedi u. Shu bilan birga, TRASEKA rahbari yuk jo‘natuvchilar uchun yo‘nalishlarning bashorat qilinadigan va ishonchli ekani muhimligini ta’kidladi.
“Agar odamlar xavfsiz, ishonchli, yuki sug‘urtalangan va qabul qiluvchiga yetib boradigan yo‘lakka o‘rganib qolsa, vaqt o‘tmaguncha yoki kimdir juda jozibador va imtiyozli shartlarni taklif qilib, boshqa yo‘nalishning afzalliklarini isbotlamaguncha, o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishi juda qiyin bo‘ladi”, — deya so‘ziga yakun yasadi u.
Source: www.gazeta.uz