Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yevropa Ittifoqi (YI) 2026 yil iyul oyidan boshlab oziq-ovqat qadoqlarida bisfenol A (BPA) va boshqa bisfenollardan foydalanishni taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu sanoat kimyoviy moddasi inson gormonlar tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi bilan mashhur.

BPA ilgari chaqaloq shishalari va termal qog‘oz cheklarda taqiqlangan edi. Yangi qoida nafaqat bir martalik qadoqlarga, balki plastik suv idishlari, tushlik qutilari va oshxona anjomlariga ham taalluqli.

Yevropa oziq-ovqat xavfsizligi agentligi (EFSA) ma’lumotlariga ko‘ra, BPA barcha yosh guruhlari uchun xavf tug‘diradi. U immun tizimiga ta’sir qilib, astma va autoimmun kasalliklarni qo‘zg‘atishi mumkin. Shuningdek, yurak-qon tomir kasalliklari, diabet va semirish xavfini oshiradi.

Eng muhimi, BPA gormonlar tizimiga aralashib, erkak va ayol fertilligini pasaytirishi, balog‘at yoshini o‘zgartirishi va ba’zi saraton turlari bilan bog‘liq. U 1930-yillarda sintetik estrogen o‘rnini bosuvchi sifatida sinovdan o‘tkazilgan.

Yevropa Atrof-muhit agentligi (EEA) tadqiqotlari 11 Yevropa davlatidagi kattalarning 92% siydigida BPA aniqlangan. AQShda esa 2003-2004 yillardagi tadqiqotda 2500 kishining 93% ida BPA izlari topilgan.

Yangi taqiq dunyodagi eng qat’iy hisoblanadi, ammo ba’zi istisnolar mavjud. Masalan, kislotali ovqatlar uchun BPA qoplamali konserva bankalari 2028 yilgacha o‘tish davriga ega. Shuningdek, BPA o‘z ichiga olgan qadoqlardagi mahsulotlarni mavjud zaxiralar tugaguncha sotishga ruxsat beriladi.

Mutaxassislar xavfsizlikni ta’minlash uchun yangi ovqat tayyorlash, konserva o‘rniga shisha idishlardan foydalanish, yog‘och, shisha yoki zanglamaydigan po‘latdan yasalgan idishlarni tanlashni tavsiya qiladi. Mikroto‘lqinli pech uchun plastik idishlardan saqlanish va bisfenolsiz mahsulotlarni izlash muhim.

Source: www.dw.com