Meksikaliklardan so‘ng chempionatning yana bir mezboni — AQSh ham ikkinchi turdayoq turnirning 1/16 finaliga muddatidan avval yo‘llanma oldi. Sietldagi bahs oldidan D guruhidagi intriga ancha umidli ko‘rinayotgandi: amerikaliklar ilk turda Paragvayni qiyinchiliksiz taslim etishgan (4:1), Avstraliya esa kutilmaganda Turkiya ustidan ishonchli g‘alabaga erishgandi (2:0). Biroq ikkita g‘alaba o‘rtasida juda katta farq bo‘lishi mumkinligi ayon bo‘ldi.
Avstraliyaliklar mezbonlarga g‘alaba eshigini o‘zlari ochib berishdi. Turklarga qarshi o‘yinda ular xuddi bir necha oylik omad zaxirasini tugatib qo‘ygandek himoyalanishgandi. Bu safar esa omad qarzini qaytarishni talab qildi. Kristian Pulishich o‘rniga asosiy tarkibda maydonga tushgan amerikalik hujumchi Folarin Balogun chap qanotdan oldinga yorib kirdi va darvozabon maydonchasi ichiga to‘pni uzatdi, himoyachi Kemeron Burgess esa to‘pni o‘z darvozasiga yo‘llab qo‘ydi — 1:0.
AQSh terma jamoasi ketma-ket ikkinchi o‘yinda raqibdan sovg‘a qabul qilib olmoqda. Ammo bunday sovg‘alar, odatda, ularga munosib bo‘la olganlarga nasib etadi.
Shundan so‘ng Maurisio Pochettino shogirdlari har ikki qanot orqali hujumlarni tezlashtirishdi, o‘yin yo‘nalishini osonlik bilan o‘zgartirib, xuddi kimdir sezilar-sezilmas tezlik uzatmasini almashtirib qo‘ygandek harakat qilishdi. Ikkinchi gol voqealarning mantiqiy davomi bo‘ldi: standart vaziyatdan so‘ng Aleks Frimen qaytgan to‘pni to‘rga joyladi, VAR esa faqatgina gol urilganini tasdiqladi — 2:0.
O‘yinning bir soati ortda qolgach, Avstraliya nihoyat jonlandi va hatto amerikaliklarni himoyada bir oz ter to‘kishga majbur qildi. Toni Popovich shogirdlari bir nechta vaziyatni penaltiga aylantirishga urinishdi, biroq bundan naf chiqmadi. Yakunda bahsning so‘nggi daqiqalaridagi eng g‘ayrioddiy voqea jamoalarning hujumi emas, balki maydonning o‘zidayoq oyog‘i tortishib qolgan germaniyalik hakam Feliks Svayer bo‘ldi. Arbitra tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan bir paytda uzil-kesil ayon bo‘ldi: futbolchilar endi hakamni ortiqcha urintirib o‘tirishmoqchi emas.
25-iyun kuni o‘tadigan uchinchi turda AQSh terma jamoasiga guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqish uchun Turkiya bilan durang ham kifoya qiladi. Avstraliyaliklar esa pley-off yo‘llanmasi uchun Paragvayga qarshi bahs olib borishadi.
Source: www.gazeta.uz