Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Fransiyada Ebola virusini yuqtirish bilan bog‘liq ilk holat aniqlandi. Gap avvalroq Ebola epidemiyasi e’lon qilingan Kongo Demokratik Respublikasidagi gumanitar missiyada ishlab, mamlakatga qaytib kelgan shifokor haqida bormoqda. Bu Yevropada gemorragik bezgak kasalligi rasman tasdiqlangan birinchi holatdir, deb yozmoqda BBC News.

Fransiya Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, bemor “zudlik bilan ixtisoslashtirilgan muassasaga yotqizilgan” va uning ahvoli barqaror. Rasmiylar u kimlar bilan aloqada bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini kuzatib, aniqlamoqda.

Vazirlik Ebola virusining aholi o‘rtasida tarqalish xavfi past ekanini alohida ta’kidladi. “Kasallik yuqishi xavfining oldini olish maqsadida bemor mamlakatga kelishi bilan barcha ehtiyot choralari, jumladan, uni izolyatsiya qilish choralari ko‘rildi va keyin u xavfsiz sharoitda shifoxonaga yetkazildi”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

May oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandadagi Ebola epidemiyasini xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat deb tan olgandi. Epidemiya Bundibudjio virusi tufayli kelib chiqqan bo‘lib, hozirgi kunda unga qarshi tasdiqlangan vaksinalar yoki maxsus davolash usullari mavjud emas. JSST ushbu epidemiya pandemiya mezonlariga javob bermasligini, biroq KDR bilan umumiy quruqlik chegaralariga ega bo‘lgan mamlakatlar yuqori xavf ostida ekanini ta’kidlagan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Kongo DRda kasallanganlar soni 1000 nafardan oshgan, 260 dan ortiq kishining o‘limi tasdiqlangan. Kasallikning asosiy o‘choqlari mamlakatning isyonchilar nazorati ostidagi uchta provinsiyasida joylashgan bo‘lib, bu gumanitar yordam ko‘rsatish vaziyatini yanada og‘irlashtirmoqda, deb qayd etgan JSST. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, Ugandada 20 kishi virusni yuqtirgan va ikki kishi halok bo‘lgan.

Source: www.gazeta.uz