1-iyul kuni Vetnamda birinchi Aholi to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi. Unda juftliklarni ko‘proq farzand ko‘rishga undovchi bir qator choralar nazarda tutilgan.
Tanlangan guruhlardagi ayollar kamida 66 yevro (75 dollar) miqdorida tug‘ish nafaqasi oladi. Ikkinchi farzandni dunyoga keltirgan ayollar uchun tug‘ruq ta’tili 6 oydan 7 oyga, otalar uchun esa 5 ish kunidan 10 kunga uzaytirildi.
Prenatal va neonatal skrining subsidiyalari dastlab tanlangan guruhlarga beriladi, yanvardan esa butun mamlakat bo‘ylab joriy etiladi. Kamida ikki farzandi bo‘lgan oilalar ijtimoiy uy-joy olishda ustuvor huquqqa ega bo‘ladi.
Qonun o‘tgan yili ikki farzand siyosatining bekor qilinishidan so‘ng qabul qilindi. Biroq demografik tendensiyalarni o‘zgartirish oson bo‘lmaydi: 2024-yilda Vetnamda tug‘ilish darajasi ayol boshiga 1,91 bolaga tushib, rekord past ko‘rsatkichga erishdi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2050-yilga borib Vetnamning mehnatga layoqatli aholisi (15-64 yosh) ulushi 68,6% dan 63% gacha kamayadi. 65 va undan katta yoshdagilar ulushi esa 8,4% dan 21,2% gacha oshadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Vetnam “boy bo‘lishdan oldin qarib qolish” xavfiga duch kelmoqda. O‘tgan yili aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 5000 dollar atrofida bo‘lib, bu Yaponiya, Janubiy Koreya va Singapurning shu bosqichdagi ko‘rsatkichlaridan ancha past.
Singapur Milliy universiteti professori Bussaravan Teeravichitchaynanning so‘zlariga ko‘ra, “agar mamlakatlar boyib ulgurmasdan qarib qolsa, iqtisodiy o‘sish sekinlashishi, daromadlar tengsizligi va sog‘liqni saqlash tizimiga bosim kuchayishi mumkin”.
Janubi-Sharqiy Osiyoda tug‘ilish darajasining pasayishi va umr ko‘rish davomiyligining oshishi jamiyatlarni o‘zgartirmoqda. Singapurda 60 va undan katta yoshdagilar soni 2010-yilda 15 yoshgacha bo‘lganlar sonidan oshib ketgan bo‘lsa, Tailandda bu 2010-yillarning o‘rtalarida sodir bo‘ldi. Vetnamda esa bu 2035-yilga borib kutilmoqda.
Tailand va Vetnamda siyosat muhokamalari asosan tug‘ilish darajasiga qaratilgan. Biroq Chulalongkorn universiteti professori Viraporn Potisirining fikricha, “tug‘ilishning pasayishi kengroq tarkibiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq va uni faqat pronatalist siyosat bilan qaytarib bo‘lmaydi”.
Mutaxassislar hukumatlarni qarishni faqat iqtisodiy muammo sifatida emas, balki jamiyat transformatsiyasi sifatida ko‘rishga chaqiradi. Singapur bu borada namunali: u tug‘ilishni rag‘batlantirishni faol qarish, ishchi kuchini qayta tayyorlash va immigratsiya siyosati bilan uyg‘unlashtirgan.
Indoneziya universiteti professoris Aris Ananta “qarishni muvaffaqiyat belgisi sifatida ko‘rish kerak”, deydi. Uning fikricha, “keksa” yosh chegarasini 60-65 dan 70-75 ga ko‘chirish va faol qarishni rag‘batlantirish lozim.
Source: www.dw.com