Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning chegara tartibini buzganlarni sud qarorisiz uch sutkagacha, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmaganda esa prokuror sanksiyasi bilan 10 sutkagacha ushlab turishga ruxsat beruvchi normasini Konstitutsiyaga zid deb topdi. Qaror 22-sentabrda qabul qilingan bo‘lib, rasmiy e’lon qilingan kuni — 25-sentabrda kuchga kirdi. Ushbu qaror uzil-kesil hisoblanadi va shikoyat qilinishi mumkin emas.

Konstitutsiyaviy sudga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 288-moddasi ikkinchi qismining Konstitutsiyaga muvofiqligi yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova murojaat qilgan edi. Sud qarorida ta’kidlanishicha, ombudsman murojaatlarini o‘rganish davomida 2025−2026-yillarda olti nafar fuqaro sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddatga noqonuniy ma’muriy ushlab turilgani bo‘yicha shikoyat qilgani aniqlangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 288-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, chegara tartibini yoki davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida tartibni buzgan shaxslar bayonnoma tuzish uchun uch soatgacha ushlab turilishi mumkin edi. Huquqbuzarning shaxsini yoki huquqbuzarlik holatlarini aniqlash talab etilgan hollarda, ushlab turilgan vaqtdan boshlab 24 soat ichida prokurorga yozma xabar bergan holda bu muddat uch sutkagacha uzaytirilishi mumkin edi. Shaxsda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmagan taqdirda esa prokuror sanksiyasi bilan uni 10 sutkagacha ushlab turishga yo‘l qo‘yilgan edi.

Ombudsman ushbu qoidalar Konstitutsiyaning 27-moddasi uchinchi qismiga zid ekanini ko‘rsatib o‘tgan. Unda hibsga olish, qamoqqa olish va qamoqda saqlashga faqat sud qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi, sud qarorisiz esa shaxs 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi nazarda tutilgan. Konstitutsiyaviy sud murojaatdagi vajlarga qo‘shildi va qarorda ta’kidlanishicha, Konstitutsiyada belgilangan 48 soatlik muddat sud nazoratisiz inson erkinligini cheklashning eng yuqori muddati hisoblanadi. Ushbu kafolat ushlab turishning har qanday shakliga, shu jumladan, ma’muriy ushlab turishga ham tatbiq etiladi.

Sud, shuningdek, yangilangan Konstitutsiyada mustahkamlangan “Xabeas korpus” tamoyiliga havola qildi. Sud bahosiga ko‘ra, shaxsni sud qarorisiz uch yoki o‘n sutka davomida ushlab turish imkoniyati Konstitutsiyada belgilangan eng oliy muddat doirasidan chetga chiqadi. “Shaxsni 48 soatdan ortiq ushlab turish faqat sud qarori asosida amalga oshirilishi mumkin”, — deyiladi Konstitutsiyaviy sud qarorida. Sudning qayd etishicha, nizolashilayotgan norma hatto ma’muriy ushlab turish muddatini 48 soatdan ortiqqa uzaytirish talab etilgan hollarda ham sudga murojaat qilishni nazarda tutmagan.

Natijada Konstitutsiyaviy sud chegara rejimini buzganlarni sud qarorisiz 3 sutkagacha, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmaganda esa prokuror sanksiyasi bilan 10 sutkagacha ushlab turishga yo‘l qo‘yadigan normani Konstitutsiyaning 27-moddasi uchinchi qismiga zid deb topdi. 288-moddaning nokonstitutsiyaviy deb topilgan qoidalari Konstitutsiyaviy sud qarori kuchga kirgan paytdan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotdi. Bu ushbu normalar asosida chegara tartibini buzganlarni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddatga ushlab turishga endi yo‘l qo‘yilmasligini anglatadi.

“Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan davlat organi bir oy muddatda uni Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishi, ya’ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritishi shart. Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sud moddaning yangi tahriri aynan qanday bo‘lishi kerakligini belgilab bermagan.

Ishni ko‘rib chiqishda ombudsman xorijiy qonunchilikning qiyosiy tahlilini ham taqdim etdi. Qarorda ko‘rsatilishicha, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda bu kabi hollarda ma’muriy ushlab turish muddati uch soatgachani tashkil etadi. Tojikistonda ushlab turish faqat sud qarori bilan uch sutkagacha uzaytirilishi mumkin, Fransiyada maksimal muddat to‘rt soatni tashkil qiladi. Germaniyada ushlangan shaxs zudlik bilan sudya huzuriga olib borilishi kerak, shu bilan birga, sud qarorisiz uni keyingi kunning oxiridan ortiq ushlab turish mumkin emas. Konstitutsiyaviy sud, shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi pozitsiyasiga havola qildi, unga ko‘ra, 48 soat insonni sud nazoratiga topshirilgunga qadar ushlab turishning maqbul maksimal muddati sifatida qaraladi. Konstitutsiyaviy sud qarori ijro etish uchun tegishli tashkilotlarga yuborildi.

Source: www.gazeta.uz