Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa FIFAning Jahon chempionati aksiyalarini xususiy investorlarga sotish rejasini “mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam sportning mavjud qitʼa tuzilmasiga putur yetkazadi.

Bahraynlik rasmiyning bu keskin bayonoti payshanba kuni mintaqaviy tashkilotning 47 aʼzo assotsiatsiyasiga yuborilgan maktubda keltirilgan. Maktub matni Reuters agentligiga taqdim etilgan.

FIFA seshanba kuni Jahon chempionati va boshqa tadbirlarni boshqarish uchun 20 milliard dollarlik tijorat sho‘ba korxonasini tashkil etishni rejalashtirayotganini eʼlon qilgan edi. Bu esa OFK kabi mintaqaviy konfederatsiyalarning tanqidiga sabab bo‘ldi, chunki ular bu eʼlondan bexabar qolganliklarini bildirishdi.

“OFK ushbu taklifning ommaviy eʼlon qilinishidan oldin FIFA tomonidan hech qanday darajada maslahatlashilmaganini katta tashvish va umidsizlik bilan qayd etadi”, - deb yozgan Shayx Salmon. U shuningdek, taklifning batafsil boshqaruv, moliyaviy va huquqiy tahlili olinmaganini taʼkidlab, bu “mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan” holat ekanini aytgan.

“Bundan tashqari, OFK FIFAning bir tomonlama harakatlari qitʼa futbolining birdamlik, hamkorlik va shaffoflikka asoslangan poydevoriga putur yetkazayotganidan chuqur xavotirda”, - deyiladi maktubda.

Kuala-Lumpurda joylashgan OFK FIFAning oltita konfederatsiyasidan biri bo‘lib, Osiyo, Yaqin Sharq va Avstraliyani qamrab olgan hududda mintaqaviy klublar va terma jamoalar musobaqalarini boshqaradi. Shayx Salmonning taʼkidlashicha, taklif barcha konfederatsiyalarning qo‘llab-quvvatlovisiz muvaffaqiyatga erisha olmaydi.

U FIFA prezidenti Janni Infantinoning taklifini “tegishli huquqiy va boshqaruv kanallari orqali chuqur o‘rganish va muhokama qilish”ga chaqirgan. Shuningdek, aʼzo assotsiatsiyalarga rejani maʼqullash uchun berilgan qisqa muddatni shubha ostiga olgan.

Infantino bu hafta barcha 211 futbol assotsiatsiyasiga yo‘llagan maktubida, agar ular FIFA taklifiga 19-sentyabrgacha rozi bo‘lsalar, har biriga 40 million dollar berilishini vaʼda qilgan. Shayx Salmon esa OFK aʼzolarini taklif bo‘yicha qaror qabul qilishdan oldin OFKning FIFA bilan keyingi muzokaralarini kutishga chaqirgan.

Source: www.aljazeera.com