Turkiyaning Bursa viloyati Inego‘l tumanida mehnat faoliyatini olib borgan O‘zbekiston fuqarosi — 36 yoshli Oybek Niyozov vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Konsulxona tomonidan marhumning yaqinlariga zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi hamda vakolatli turk idoralari bilan tegishli tashkiliy masalalar muvofiqlashtirildi. O‘zbekiston Migratsiya agentligi tomonidan ko‘rsatilgan moddiy ko‘mak asosida marhumning jasadi vatanga olib kelinib, yaqinlariga topshirildi.
Turk OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 3-avgustga o‘tar kechasi Inego‘l davlat shifoxonasining palliativ yordam bo‘limida bemorlar parvarishi bilan shug‘ullangan Oybek Niyozov o‘z vazifasini bajarayotgan vaqtida tobi qochib, hayotdan ko‘z yumgan. Uning ahvoli to‘satdan yomonlashib, yerga yiqilgan. Hamshiralar birinchi yordam ko‘rsatgan, so‘ng tez tibbiy yordam bo‘limiga olib ketilgan.
Niyozovning jasadi o‘lim sababini aniqlash maqsadida Sud-tibbiyot institutiga yuborilgan. Politsiya voqea yuzasidan shubhali o‘lim holati bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlarini boshlagan. O‘lim sabablari yuzasidan Turkiya vakolatli organlari tomonidan belgilangan tartibda surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Source: www.gazeta.uz