Qo‘shma Shtatlar qonunchilari Yaqin Sharqdagi aviatashuvchi kemada og‘ir sharoitlar haqidagi xabarlardan xavotir bildirmoqda. USS Abraham Lincoln kemasida xizmat qilayotgan dengizchilar o‘z joniga qasd qilishga urinayotgani, ularda ruhiy tushkunlik kuchaygani haqida ma’lumotlar tarqaldi.
Demokrat senator Richard Blumental Pentagon rahbari Pit Xegsestga murojaat qilib, kemadagi vaziyat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot so‘ragan va ikki partiyaviy kongress delegatsiyasini kemaga tashrif buyurishiga ruxsat berishni talab qilgan. Uning yozishicha, 5 mingdan ortiq amerikalik dengizchi va dengiz piyodalari bo‘lgan aviatashuvchi kema deyarli yetti oy davomida portga kirmasdan dengizda bo‘lmoqda.
Blumentalning ta’kidlashicha, kemaning missiyasi may oyida tugashi kerak edi, biroq Eronga qarshi urush tufayli muddat bir necha bor uzaytirilgan. Mojaro hali ham hal qilinmagan, urushni tugatish bo‘yicha kelishuv deyarli o‘z kuchini yo‘qotgan va diplomatik sa’y-harakatlar to‘xtab qolgan.
Senator kemada ruhiy salomatlikning yomonlashuvi, asosiy ta’minot yetishmasligi, suvning ifloslanishi, xavfsizlik hodisalarining ko‘payishi va pochta xizmatidagi uzilishlar haqidagi xabarlarga ishora qilgan. “Bu xabarlar zudlik bilan e’tibor talab qiladi, biroq ular kengroq savolni ham ko‘taradi: Harbiy-dengiz kuchlari hozirgi operatsion tezlikni ushlab tura oladimi?”, deb yozgan u.
Yana bir demokrat senator Ruben Gallego esa Harbiy-dengiz kuchlari “USS Lincoln kemasiga ikki partiyaviy Kongress delegatsiyasini tashrif buyurishiga ruxsat berishi shart”, deb hisoblaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday delegatsiyalar ilgari ham urush zonalariga borib, qo‘shinlarning ahvolini tekshirgan. “Bizga kirishni rad etish uchun hech qanday sabab yo‘q”, degan u.
Sobiq dengiz zobiti va astronavt senator Mark Kelli dengizchilarning dengizga sakrashga urinayotgani haqidagi xabarlarni “bezovta qiluvchi” deb atadi. “Uzoq muddatli xizmat og‘ir. Missiya aniq belgilanmagan va oxiri ko‘rinmasa, bu yanada og‘irlashadi”, deb yozgan u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Navy Times va Stars and Stripes nashrlari kemadagi harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga tayanib, ular ruhiy tushkunlik va o‘z joniga qasd qilish holatlari haqida xabar bergan. Ulardan biri, Annabelle Loma ismli ayol erining qattiq charchoq tufayli kemadan sakrashga urinayotganini aytgan. Yana bir ayol, Mariya Rodriges esa eri boshqa bir dengizchining “dengizga tushishga tayyorlanayotganini” oldini olganini so‘zlab bergan.
Stars and Stripes ma’lumotiga ko‘ra, bu masala o‘tgan hafta San-Diegoda harbiy-dengiz kuchlari vaziri vazifasini bajaruvchi Hung Cao bilan uchrashuvda ko‘tarilgan. CNN esa o‘tgan oy bir dengizchining kemadan tushib ketgani va tezda qutqarilgani haqida xabar bergan. Harbiy-dengiz kuchlari o‘z bayonotida “har bir dengizchining ruhiy tayyorgarligini kuzatish va qo‘llab-quvvatlash uchun doimiy baholashlar olib borilayotganini” ma’lum qilgan.
Source: www.aljazeera.com