Tailandiyaning Koh Samui oroli yaqinida fransuz oilasi ijaraga olingan jet-skida ag‘darilib, 16 soatdan ko‘proq vaqt davomida ochiq dengizda qolib ketdi. 50 yoshli ota va uning 5 va 7 yoshli o‘g‘illari tun bo‘yi suzib yurib, ertasi kuni ertalab qutqaruvchilar tomonidan topilgan.
Mahalliy hukumat amaldori Amorn Chomchoeyning AFPga ma’lum qilishicha, ular “juda charchagan va ko‘p dengiz suvi yutgan” holatda topilgan. Uchovlon kasalxonaga yotqizilgan, biroq tekshiruvlardan so‘ng tezda chiqarilgan.
Ota jet-skini 45 daqiqalik sayohat uchun ijaraga olgan edi. Belgilangan vaqtda qaytib kelmaganidan keyin qutqaruv xizmatlari xabardor qilingan. Qidiruv ishlarida tezyurar qayiqlar va boshqa jet-skilar ishtirok etgan, biroq tun bo‘yi qidiruv to‘xtatilgan.
Ertasi kuni ertalab soat 10:00 atrofida oila topilgan. Otasining aytishicha, kuchli to‘lqinlar jet-ski dvigatelini to‘xtatib qo‘ygan. Qutqaruv videolarida bolalardan biri jet-ski old qismida o‘tirgani, otasi esa qutqaruvchilarga qo‘l silkitayotgani aks etgan.
Oila Tailandda qolib, ta’tilni davom ettirgan. Bu voqea sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan Koh Samui orolida yana bir xavfsizlik muammosini yuzaga chiqardi.
Source: www.bbc.co.uk