1963-yil 28-avgustda amerikalik jamoat arbobi Martin Lyuter King Vashingtonning Linkoln memoriali zinapoyalarida o‘zining tarixiy “Mening bir orzum bor” nutqini so‘zladi. Bu nutq fuqarolik huquqlari harakati tomonidan ish joylarida tenglik va erkinlik talabi bilan o‘tkazilgan yurishning yakuniy chiqishi bo‘lib, uni taxminan 250 ming kishi tinglagan.
King o‘z nutqida bir asr avval qullikka chek qo‘yilganiga qaramay, qora tanli amerikaliklar konstitutsiyaviy huquqlaridan mahrum bo‘lib, irqiy segregatsiya va kamsitishlarga duchor bo‘layotganini ta’kidladi. U nafaqat qora tanlilar huquqlari, balki fundamental inson huquqlari va jamiyatdagi tenglikni targ‘ib qilgan.
Nutqning tarjimasi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Unda King Amerikani “yaroqsiz chek” berishda ayblab, adolat banki bankrot emasligini va millatning imkoniyatlar xazinasida mablag‘ yetarli ekanini aytadi. U qora tanlilarning noroziligi jazirama yoziga ishora qilib, 1963-yil yakun emas, balki boshlanish ekanini ta’kidlaydi.
King o‘z nutqida zo‘ravonlikka qarshi chiqib, kurashni yuksak qadr-qimmat va intizom bilan olib borishga chaqiradi. U oq tanli birodarlar bilan hamkorlik qilishga undaydi, chunki ularning taqdiri o‘zaro bog‘liq. Shuningdek, u politsiya vahshiyligi, gettolar va ovoz berish huquqidan mahrum qilish kabi adolatsizliklarga qarshi “rozi bo‘lmaslik”larini bildiradi.
Nutqning eng mashhur qismida King o‘z orzularini bayon qiladi: Jorjiyada sobiq qullar va quldorlarning farzandlari birodarlik dasturxonida o‘tirishi, Missisipi shtati ozodlik va adolat vohasiga aylanishi, farzandlariga terisining rangi emas, xarakteriga qarab baho berilishi. U har bir vodiy yuksaltirilishi, har bir tog‘ pasaytirilishi va butun bashariyat Xudoning shon-shavkatini birgalikda ko‘rishini orzu qiladi.
King nutqini “Nihoyat erkinmiz!” degan madhiya bilan yakunlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, erkinlik sadosi har bir shtatdan, har bir shahardan yangrashi kerak. Bu nutq nafaqat Amerika tarixida, balki butun dunyoda inson huquqlari kurashining ramziga aylangan.
Source: www.gazeta.uz