Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Tinch okeanida joylashgan Samoa davlati bosh vaziri La’auli Leuatea Shmidt oilaviy yig‘ilishda natsistcha salom bergani va «Heil Hitler» deya xitob qilgani aks etgan tarixiy video tarqalishi ortidan rasman uzr so‘radi. Mazkur yetti soniyalik videotasvir mahalliy «Samoa Observer» nashri tomonidan chop etilishi ortidan xalqaro jamoatchilikda jiddiy rezonans keltirib chiqardi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu kadrlar 2007-yilning iyul oyida Savayi orolida o‘tkazilgan Shmidt oilasining yig‘ilishida tasvirga olingan bo‘lib, o‘sha vaqtda u parlament a’zosi hamda vitse-spiker lavozimida faoliyat yuritgan. Videoda siyosatchi mikrofon tutgancha yig‘ilganlarni o‘ng qo‘lini ko‘tarishga va natsistlar shiorini aytishga undagani, unga o‘nlab odamlar ergashgani ko‘rinadi. Radio New Zealand o‘z muxbirlari orqali ushbu videolavhaning haqiqiyligini tasdiqlagan.

Yuzaga kelgan keskin e’tirozlar ortidan chiqish qilgan Shmidt o‘sha kuni qanday niyat ko‘zlanganidan qat’i nazar, bunday so‘z va harakatlar mutlaqo qabul qilib bo‘lmas ekanini tan oldi. U natsizm, antisemitizm, irqchilik va har qanday siyosiy ekstremizmni rad etishini, mazkur holat Samoa xalqi va hukumati qadriyatlarini aks ettirmasligini ta’kidlab, keltirilgan ko‘ngilsizliklar uchun kechirim so‘radi.

Qizig‘i shundaki, 2025-yilda bosh vazir kursisini egallagan Shmidt Isroil rejimini faol qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan edi. U qasamyod qilish marosimida yahudiylarning diniy yopinchiqlarini o‘rab chiqqan va Quddus shahrining bahsli maqomiga qaramay, 2026-yil oxiriga qadar Isroil rejimida o‘z elchixonasini ochish niyatini bildirgan edi.

Source: www.aljazeera.com