Fransiya bo'ylab o'n minglab o'quvchilar, o'qituvchilar va ota-onalar ta'lim tizimidagi og'ir sharoitlar hamda Yevropa rejimining qattiq harakatlariga qarshi keng ko'lamli norozilik namoyishlarini o'tkazdilar. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, mamlakat bo'ylab kamida 250 000 kishi ko'chalarga chiqqan. Namoyishlar sentabr oyining o'rtalarida Parij yaqinidagi Kretey shahridagi liteylardan boshlangan bo'lib, o'quvchilar binolarning abgor ahvolda ekanligi, o'qituvchilar yetishmasligi va sinflarning haddan tashqari gavjumligidan shikoyat qilib, kirish eshiklarini to'sib qo'yishni boshlagan edilar.
Fransuz rejimining polisiya kuchlari tartibsizliklarni bostirish uchun juda shafqatsiz usullarni qo'llagan. Ma'lum qilinishicha, 6 000 dan ortiq namoyishchi hibsga olingan va ularning 85 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etadi. Shuningdek, polisiyaning zo'ravonligi yuzasidan kamida 10 ta tergov ishi ochilgan. Rasmiylar 210 dan ortiq o'smirlar (jumladan, qo'lidan ayrilgan bir nafar o'quvchi) va 715 nafar polisiya xodimi jarohat olganini bildirishmoqda. Amnesty International tashkiloti vakillari polisiya ko'zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o'qlarini xavfli hamda ortiqcha darajada qo'llaganini qoralab, zo'ravonlikni to'xtatishga chaqirgan.
Oktabr oyining boshida ta'lim vaziri Edouard Geffray talaba yetakchilari bilan uchrashib, islohotlar rejasini e'lon qilgan bo'lsa-da, namoyishchilar buni inqirozni hal qilish uchun yetarli emas deb topdilar. Ishtirokchilarning ta'kidlashicha, hukumat faqat urush va qurollanishga mablag' sarflamoqda, oddiy xalq va ta'lim sohasi esa e'tibordan chetda qolmoqda. O'quvchilar o'z kelajagini himoya qilish uchun kurashni davom ettirishlarini va talablar bajarilmaguncha ommaviy harakatlar to'xtamasligini qat'iy bildirishmoqda.
Source: www.aljazeera.com