Isroil rejimining G‘azodagi harbiy amaliyotlari boshlanganiga uch yil to‘lar ekan, bu davr mobaynida yahudiy davlatining harbiy ustunligi kutilgan siyosiy natijalarni bermagani yaqqol namoyon bo‘ldi. Taxminlarga ko‘ra, Isroil rahbariyati mojaro boshida garovdagilarni ozod qilish, qarshilik harakatini batamom yo‘q qilish va anklav ustidan to‘laqonli xavfsizlik nazoratini o‘rnatishni maqsad qilib qo‘ygan edi. Biroq, keng ko‘lamli vayronagarchiliklar va ommaviy qurbonlarga qaramay, Isroil rejimi o‘zining strategik va siyosiy maqsadlariga erisha olmagani aytilmoqda.
Tahlil qilinishicha, uch yil davomida harbiy kuch orqali nafaqat qarshilik harakatini sindirish, balki aholini o‘z yeridan quvib chiqarish rejalari ham barbod bo‘lgan. G‘azo sektorining asosiy infratuzilmasi, jumladan, suv ta'minoti, elektr tarmoqlari, sog‘liqni saqlash va ta'lim tizimlari yer bilan yakson qilingan bo‘lsa-da, mahalliy aholi o‘z hududini tark etishdan qat'iy bosh tortdi. Qolaversa, ozod qilingan garovdagilarning mutlaq ko‘pchiligi kuch ishlatish yo‘li bilan emas, balki diplomatik muzokaralar orqali qaytarilgani Isroil rejimining harbiy strategiyasi samarasiz bo‘lganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, ushbu uzoq davom etgan qonli mojaro Isroil rejimining xalqaro maydondagi obro‘siga jiddiy putur yetkazdi. BMT Bosh Assambleyasida bosh vazir Benyamin Netanyaxuning nutqi paytida ko‘plab davlatlar vakillari zalni tark etgani, shuningdek, Xalqaro jinoyat sudi tomonidan unga nisbatan order berilgani buning yaqqol dalilidir. G‘arb davlatlarida, jumladan AQSh va Yevropada ham Isroil siyosatiga nisbatan tanqidiy kayfiyat kuchayib, harbiy yordamni cheklash va sanksiyalar kiritish masalalari faol muhokama qilinmoqda.
Xulosa qilib aytganda, zamonaviy harbiy texnologiyalar va cheksiz kuchga tayangan Isroil rejimi G‘azoda o‘z xohishiga ko‘ra yangi siyosiy reallikni yarata olmadi. Aholini qo‘rquvda ushlab turish va hududni vayronaga aylantirish orqali Falastin milliy g‘oyasini yo‘q qilib bo‘lmasligi, aksincha, bu harakatlar Isroilning o‘zini xalqaro miqyosda yakkalanib qolishiga olib kelgani ta'kidlanmoqda.
Source: www.aljazeera.com