Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xitoyning ZXMOTO mototsikl ishlab chiqaruvchi kompaniyasi asoschisi Chjan Syue o'ziga xos va murakkab sinovni amalga oshirdi. U maxsus qayta jihozlangan transport vositasida suv yuzasi bo'ylab 40 kilometrdan ortiq masofani bosib o'tib, Ginness rekordini o'rnatgani haqida xabar berildi. Mazkur qiziqarli sinov ixtirochining tug'ilgan hududi bo'lgan Xunan provinsiyasida tashkil etildi.

CGTN telekanalining ma'lumotlariga ko'ra, rekordchi ushbu maqsad uchun MX450 rusumli mototsiklni tubdan o'zgartirgan. Texnika ham quruqlikda, ham suvda harakatlana olishi uchun unga maxsus sirpanish moslamalari — chang'ilar o'rnatildi. Shuningdek, uzoq masofalarni bosib o'tish uchun yonilg'i baki hajm kattalashtirildi va suvdan himoya qilish tizimlari sezilarli darajada kuchaytirildi.

Texnikaning harakatlanish prinsipi murakkab muhandislik yechimlariga asoslangan bo'lib, mototsikl avval quruqlikda yetarli tezlikni olgach, suvga tushib ketadi. O'rnatilgan chang'ilar uning suv yuzasida cho'kib ketmasdan harakatlanishini ta'minlasa, oldingi boshqaruv chang'isi yo'nalishni ushlab turishga xizmat qiladi. Orqa g'ildirak esa oddiy yo'ldagidek emas, balki suvni ortga itarish orqali transportni oldinga suruvchi kuch hosil qiladi.

Qayd etilishicha, umumiy rekord masofasi daryoni bir necha bor kesib o'tish orqali to'plangan va Chjan Syue bir yo'nalishning o'zida uzluksiz ravishda 40 kilometr yurmagan. Shunga qaramay, uzoq davom etgan sinovlar davomida yetarli yonilg'i zaxirasi va konstruksiyaning suv bilan doimiy kontaktga chidamliligi ta'minlandi.

Ushbu muvaffaqiyat bir kechada kelgani yo'q, chunki muallif ilk bor 2009-yilda bunday urinishni amalga oshirib, atigi 20 metr masofadan so'ng suvga qulagan edi. Ko'p yillik izlanishlar natijasida erishilgan bu natija mototsikl kundalik suv qatnovlari yoki ommaviy transport vositasi sifatida foydalanishga tayyor degani emas, balki faqatgina muhandislik tajribasi ekanligi ta'kidlandi.

Source: kun.uz