Janubiy Afrikada Koral Hart taxallusi ostida faoliyat yurituvchi yozuvchi ayol sun'iy intellekt vositalari yordamida qisqa muddat ichida ulkan moliyaviy muvaffaqiyatga erishgani da'vo qilinmoqda. U bor-yo'g'i 20 oy ichida 371 ta ishqiy roman yozib, Amazon va boshqa onlayn marketpleyslar orqali 1 million AQSh dollaridan ortiq sof daromad ko'rgani aytilmoqda.
Ma'lum qilinishicha, muallif bu jarayonda ChatGPT, Claude va Grok kabi mashhur chat-botlardan foydalangan. Biroq, matnni to'liqligicha kompyuterga topshirib qo'ymagani, balki syujet chiziqlari, qahramonlar xarakteri va boblar rejasini o'zi tuzgani ta'kidlanmoqda. Sun'iy intellekt esa faqatgina qoralama tayyorlash va tahrirlashda yordam bergan.
Biroq, bu muvaffaqiyat ortidan jiddiy muammolar ham kelib chiqqani aytilmoqda. An'anaviy adabiyot vakillari va kitobxonlar tomonidan qattiq qoralangan yozuvchi o'lim tahdidlarini olgani sababli o'zining haqiqiy ismini sir saqlashga majbur bo'lmoqda. Yozuvchining ta'kidlashicha, u nashriyot sohasida 14 yillik tajribaga ega bo'lib, sun'iy intellekt bilan ishlash uslubini uzoq o'rgangan.
Ushbu holat adabiyot olamida va mualliflik huquqi sohasida keskin bahslarga sabab bo'lmoqda. Tanqidchilar bu kabi amaliyotni adabiyotni qadrsizlantirish va kitob yozishni oddiy konveyerga aylantirish deb atamoqda. Yevropa rejimi va boshqa g'arbiy tuzilmalar mualliflik huquqi masalalarida qattiqqo'llikni talab qilayotgan bir paytda, bunday holatlar adabiy bozorning kelajagiga nisbatan jiddiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.
Source: kun.uz