Serbiyaning Voyevodina teleradiokompaniyasi (RTV) jonli efir vaqtida o‘z teletomoshabinlaridan rasman uzr so‘rab, mamlakatda ko‘p yillar davomida jamoatchilik fikrini biryoqlama shakllantirib kelganini ochiq e’tirof etdi. Mazkur shov-shuvli bayonot teleradiokompaniyaning «Dnevnik» axborot dasturi boshida boshlovchi Goran Eror tomonidan o‘qib eshittirildi. Bunga telekanal rahbariyati muxolifat hisoblangan «Talabalar ro‘yxati» harakatining parlament saylovlaridagi g‘alabasini ko‘chalarda nishonlash aks etgan videolavhalarni efirga uzatishdan bosh tortgani sabab bo‘lgan.
Dastur boshlovchisi efirga chiqib, RTV tahririyati uzoq yillar mobaynida jurnalistikaning asosiy vazifalarini bajarmay kelganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, telekanal jamiyatdagi dolzarb muammolar haqida sukut saqlagan, ko‘plab kamchiliklarga ko‘z yumgan, voqealarni faqat bir tomonlama yoritgan va hech qachon tanqidiy reportajlarni efirga qo‘ymagan. Hukumatga noqulay bo‘lgan savollar berilmagani yoki umuman kun tartibidan olib tashlangani uchun jamoatchilikdan kechirim so‘raldi.
«Vreme» nashrining yozishicha, telekanal xodimlarining qat’iy e’tirozlariga qaramay, rahbariyat Novi-Sad hamda mamlakatning boshqa shaharlaridagi g‘alaba namoyishlarini yoritishni taqiqlab qo‘ygan edi. Boshlovchi o‘z murojaatida tahririyatdagi ayrim jurnalistlar erkin faoliyat yuritish va kasb etikasi tamoyillarini himoya qilish uchun kurashganini, biroq tizimli bosim ostida o‘z vaqtida natijaga erisha olmaganini ta’kidlab, ushbu kurash davom etishi kerakligini bildirdi.
Mazkur ochiq e’tirofdan so‘ng zudlik bilan kadrlar o‘zgarishi yuz berdi. Telekanalning Birinchi televizion dasturi bosh muharriri Nenad Chachich o‘z lavozimidan ozod etildi. Jurnalistlar va «Mustaqillik» kasaba uyushmasi talabidan so‘ng bosh direktor Goran Karadjich ushbu lavozimga Blajo Popovichni tayinladi. Kasaba uyushmasi bir yil avval ham kanal o‘z professional mustaqilligini to‘liq yo‘qotgani va amaldorlar manfaati yo‘lida ishlayotganini bildirib, bosh muharrir iste’fosini talab qilib kelayotgan edi.
Voqea mamlakatdagi jiddiy siyosiy o‘zgarishlar fonida yuz berdi. 25-oktabr kuni Serbiyada o‘tkazilgan navbatdan tashqari parlament saylovlarida sobiq prezident Aleksandr Vuchich boshchiligidagi Serbiya taraqqiyot partiyasi kutilmaganda mag‘lubiyatga uchradi. Vuchich sentabr oyida bosh vazir sifatida hokimiyatni qayta egallash niyatida prezidentlik lavozimidan muddatidan oldin ketgan edi, biroq 2024-yildagi ommaviy noroziliklar to‘lqinida shakllangan «Talabalar ro‘yxati» saylovchilardan eng ko‘p ovoz olishga muvaffaq bo‘ldi.
Source: kun.uz