Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xalqaro astronomlar guruhi yetti yil davomida TESS kosmik teleskopi yordamida kuzatgan TOI 2535 b ekzosayyorasining yulduzi oldidan o‘tishlari 2026-yil martga kelib kuzatilmay qolganini ma’lum qildi. Tadqiqotchilarning taxminiga ko‘ra, sayyora yo‘qolmagan va o‘z yulduzi atrofida aylanishda davom etmoqda; muammo uning orbitasining Yerga nisbatan qiyaligi o‘zgargani bilan bog‘liq. Bu o‘zgarish hali to‘liq aniqlanmagan ikkinchi sayyoraning tortishish kuchi ta’sirida yuz bergan bo‘lishi mumkin. TOI 2535 b “issiq yupiterlar” toifasiga kiradi va Yerdan taxminan 1100 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan.

Asosiy faktlar: TOI 2535 b diametri qariyb 123 ming kilometr, massasi Yupiternikiga yaqin, yulduz atrofini 8,236 sutkada aylanadi. TESS 2019-yildan beri kuzatuv olib borgan, biroq tranzit signali vaqt o‘tishi bilan zaiflashib, 2026-yil martga kelib ko‘rinmay qolgan. Olimlar tranzit vaqtidagi olti soatgacha bo‘lgan siljishlarni ikkinchi gaz giganti ta’siri va orbital rezonans ehtimoli bilan bog‘lamoqda.

TOI 2535 b tranzit usulida kashf etilgan. Bu usulda sayyora yulduz diski oldidan o‘tganda yulduz yorqinligi biroz pasayadi va teleskoplar aynan shu o‘zgarishlarni qayd etadi. Sayyoraning TOI 2535 yulduzi Quyoshdan biroz kichikroq va sovuqroq bo‘lgan to‘q sariq mitti yulduzdir. Tizimning Yerdan taxminan 1100 yorug‘lik yili uzoqligi va sayyoraning qisqa orbital davri uni kuzatish uchun qulay nishonga aylantirgan. Biroq har bir yangi kuzatuv davrida signal o‘zgargan: yulduz yorqinligi kamroq pasaygan, sayyoraning yulduz oldidan o‘tish vaqti esa qisqarib borgan.

Astronomlar TOI 2535 b haqiqatan ham yulduzi oldidan o‘tmay qo‘yganini tekshirish uchun TESS teleskopining so‘nggi ma’lumotlarini qayta tahlil qildi. Ular teleskop juda zaif tranzitlarni qayd etolmay qolgan bo‘lishi mumkinligini ham tekshirdi. Biroq sinchkov izlanishlar bunday o‘tishlarning izini ko‘rsatmadi. Demak, tranzitlarning yo‘qolishi kuzatuv xatolari bilan emas, sayyora orbitasining holati o‘zgarishi bilan bog‘liq. Sayyora yo‘qolgani yo‘q, u yulduzi atrofida aylanishda davom etmoqda, ammo endi biroz boshqacha trayektoriya bo‘ylab harakatlanadi.

Bu savolga javob topishga yana bir g‘ayrioddiy holat yordam berdi. TOI 2535 b yulduzi oldidan har doim ham kutilgan vaqtda o‘tmagan: ba’zan olti soat erta, ba’zan esa olti soat kech o‘tgan. Astronomlar fikricha, bunday og‘ishlar TOI 2535 b harakatiga ta’sir ko‘rsatayotgan boshqa sayyoraning tortishish kuchi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Sayyoralar harakatini modellashtirgan tadqiqotchilar bunga massasi Saturnnikidan kam bo‘lmagan yana bir gaz giganti sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldi.

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu ikki sayyora orbital rezonansda bo‘lishi mumkin. Bu ularning yulduz atrofida aylanish davrlari muayyan nisbatda ekanini anglatadi. Tadqiqotchilar bir nechta ehtimoliy nisbatni — 2:1, 3:2 va 4:1 ni ko‘rib chiqqan, dastlabki ikkita nisbat eng ehtimoliy deb topilgan. Bunday o‘zaro ta’sir TOI 2535 b orbitasining qiyaligini kamida besh darajaga o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin. Keyingi kuzatuvlar ikkinchi sayyoraning massasi va orbitasini aniqlashtirishga, shuningdek, tizimning shakllanish tarixini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Source: kun.uz