AQSh iqtisodiyoti fevral oyida kutilmaganda 92 ming ish o‘rnini yo‘qotdi, ishsizlik darajasi esa 4,4 foizga ko‘tarildi. Bu AQSh ish bozorining Tramp ma’muriyati davrida oltinchi marta qisqarishi bo‘ldi.
Fevral oyidagi ish o‘rinlari hisoboti AQSh Mehnat departamenti tomonidan juma kuni e’lon qilindi. Iqtisodchilar oldindan 50-59 ming ish o‘rni qo‘shilishini kutishgan, ammo haqiqiy natija salbiy bo‘lib chiqdi. Ishsizlik darajasi yanvar oyidagi 4,3 foizdan 0,1 foizga oshdi, ishsizlarning 25 foizdan ortig‘i 27 haftadan ortiq vaqt davomida ishsiz qolmoqda.
Fevral oyidagi pasayish yanvar oyidagi tuzatilgan o‘sishdan keyin kuzatildi, o‘sha oyda AQSh iqtisodiyoti 126 ming ish o‘rni qo‘shgan edi. Sog‘liqni saqlash sohasi eng katta zarbani oldi – 28 ming ish o‘rni yo‘qoldi. Federal hukumat ham qisqarishni davom ettirdi, fevral oyida ushbu sohada 10 ming ish o‘rni kamaydi, bu Kaliforniya, Gavayi va Nyu-Yorkdagi ish tashlashlar bilan bog‘liq.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi qisqarishlar, ADPning xususiy ish haqi hisobotiga qaramay sodir bo‘ldi, u erda ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari 58 ming ish o‘rni qo‘shganligi ko‘rsatilgan. Tariflarga ta’sir qiluvchi sohalar, jumladan transport va omborxona, fevral oyida 11 ming ish o‘rni yo‘qotdi va bu soha o‘tgan yilga nisbatan 157 ming ish o‘rnini yo‘qotdi.
Qurilish, ulgurji savdo, chakana savdo, dam olish va mehmondo‘stlik kabi sohalar o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz qoldi. AQSh Oliy sudi fevral oyida import bojlarini bekor qilgan bo‘lsa-da, Tramp 10 foizlik global tarif joriy qildi va uni tez orada 15 foizga ko‘tarishni aytdi.
AQSh markaziy banki keyingi siyosat yig‘ilishini 17-18 mart kunlari o‘tkazadi, iqtisodchlar Fedning asosiy stavkasini 3,50–3,75 foiz oralig‘ida saqlashini kutmoqda. Biroq, juma kuni chiqqan ma’lumotlar iyun oyida stavkani pasaytirish ehtimolini oshirdi. Dollar valyuta savatiga nisbatan deyarli o‘zgarmadi, AQSh davlat qimmatli qog‘ozlari daromadlari pasaydi.
Morgan Stanley Wealth Management bosh iqtisodiy strategi Ellen Zentner Reutersga bergan intervyusida shunday dedi: "Bugungi raqamlar Fedni qiyin vaziyatga qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Mehnat bozoridagi sezilarli zaiflashish stavkani pasaytirishni qo‘llab-quvvatlashi mumkin, ammo yuqori neft narxlari inflyatsiyani yana oshirish xavfi tufayli Fed chetda qolishga majbur bo‘lishi mumkin." Oq uy Al Jazeera so‘roviga javob bermadi.
AQSh bozorlari mehnat bozorining sustlashishi natijasida zarba oldi. Tush paytida savdoda Nasdaq indeksi 0,8 foizga, S&P 500 indeksi 1 foizga, Dow Jones Industrial Average indeksi esa 1,1 foizga tushdi.
Source: www.aljazeera.com