Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-mart kuni 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Kiberxavfsizlik strategiyasini belgilash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatda mamlakatning raqamli rivojlanishi va axborot xavfsizligini ta’minlashning bir qator asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan. Strategiyaning asosiy maqsadlaridan biri kiberxavfsizlik sohasida texnologik mustaqillikka erishishdir.

Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi raisligida Kiberxavfsizlikni ta’minlash va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi milliy kengash tashkil etilmoqda. 1-iyulga qadar vazirlik va idoralarning ishchi guruhlari raqamli hukumat va bank-moliya sohasidagi axborot tizimlarining kiberxavfsizlik holati bo‘yicha baholashni kengashga taqdim etishi shart. Bundan tashqari, Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) milliy axborot tizimlari va resurslarining zamonaviy kiberhujumlarga chidamliligini oshirish maqsadida mustaqil ekspertlar ishtirokida zaifliklarni aniqlash bo‘yicha tanlovlar o‘tkazadi.

1-apreldan boshlab Adliya vazirligi, Energetika vazirligi va Soliq qo‘mitasida kamida to‘rt nafar xodimdan iborat kiberxavfsizlikni ta‘minlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bo‘linmalar tashkil etiladi. Davlat organlari rahbarlarining kiberhimoya choralarini amalga oshirish bo‘yicha shaxsiy javobgarligi kuchaytirilmoqda, shu bilan birga, kiberxavfsizlik sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni qattiqlashtirish ko‘zda tutilmoqda. 1-apreldan boshlab davlat organlari kiberxavfsizlik uchun mablag‘larni budjet va o‘zlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari doirasida yo‘naltirishlari shart.

Kiberxavfsizlik hodisalarini monitoring qilish va ularga chora ko‘rish milliy tizimi (SOC) tashkil etilmoqda. Davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va resurslarida, shuningdek, muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida zaifliklar va kamchiliklarni aniqlash tizimlari joriy etiladi. Yangi kiberxatarlar hamda zaifliklar bo‘yicha tezkor ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi va bu haqda kiberxavfsizlik sohasi ishtirokchilarini xabardor qilish tizimi yaratiladi.

Huquqni muhofaza qilish organlarining kiberjinoyatlarni oldini olish, aniqlash va fosh etish bo‘yicha ishlarini kuchaytirish rejalashtirilgan. Strategiyaga muvofiq, kiberhujumlarga chora ko‘rish bilan shug‘ullanuvchi tezkor guruhlarning tayyorgarlik darajasi doimiy ravishda oshirib borilishi kerak. Kuch ishlatar tuzilmalarning oliy ta’lim muassasalari kiberkriminalistlarni tayyorlaydi. Bunday jinoyatlarni samaraliroq tergov qilish uchun tezkor-qidiruv va tergov faoliyatining zamonaviy usullarini faol joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Alohida bo‘lim telefon va internet firibgarligiga qarshi kurashishga qaratilgan. Firibgarlik saytlarini avtomatik ravishda aniqlaydigan antifishing platformasini yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, shubhali qo‘ng‘iroqlarni aniqlash va bloklash yoki ular haqida ogohlantirish mexanizmlari ko‘zda tutilgan. Aloqa operatorlari uchun shubhali va istalmagan qo‘ng‘iroqlarni, jumladan, spam va reklama qo‘ng‘iroqlarini bloklash yoki filtrlash bo‘yicha majburiyatlar yuklanishi mumkin.

Maktablarning yuqori sinflarida tarbiya soatlari doirasida kibermadaniyat bo‘yicha mashg‘ulotlar joriy etiladi. 2026-yil yakuniga qadar kiberxavfsizlik asoslari bo‘yicha kurslar mavjud bo‘lgan onlayn platformalarni ishlab chiqish, shuningdek, talabalar va maktab o‘quvchilari uchun ijtimoiy roliklar tayyorlash rejalashtirilgan. Hududlarda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kiberxavfsizlik klublari tashkil etiladi.

Source: www.gazeta.uz