Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni 2026–2030 yillar uchun ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor umummilliy loyihalar taqdimotini ko‘rib chiqdi. Taqdimotda havo sifati, yashil maydonlar, ekologik ta’lim va cho‘llanishga qarshi kurash kabi masalalar bo‘yicha tashabbuslar muhokama qilindi.
Taqdimotda Toshkent, Navoiy, Farg‘ona, Chirchiq va Termiz shaharlarida havo ifloslanishi normalaridan oshib ketayotgani qayd etildi. Bunga sanoat o‘sishi, uglerod yoqilg‘isidan keng foydalanish, transport vositalari sonining ko‘payishi, tabiiy omillar va nazoratning yetarli emasligi sabab bo‘lmoqda. 2030-yilgacha asosiy maqsadlar sifatida ifloslantiruvchi moddalar chiqindilarini kamaytirish, sanoat ob’ektlarida chiqindilarni ushlash ulushini oshirish, transportdan zararli chiqindilarni kamaytirish va PM2,5 ko‘rsatkichi bo‘yicha normalardan oshib ketadigan kunlar sonini qisqartirish belgilandi.
"Toza havo" loyihasida energetika va sanoatga alohida e‘tibor qaratiladi. Muayyan qism mahsulotini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqaradigan korxonalar uchun soliq imtiyozlari va moliyaviy rag‘batlar, shuningdek avtomatik monitoring stansiyalari, filtrlar, chang-gaz tozalash va energiya samarali uskunalarni keng joriy etish ko‘zda tutilgan. Toshkent va unga tutash hududlardagi sanoat korxonalarida yagona geoinformatsion tizimga integratsiyalangan majburiy avtomatik monitoring postlari o‘rnatiladi. Bunday talablarga rioya qilmaydigan sub’ektlar uchun kompensatsiya to‘lovlari keskin oshiriladi.
Qurilish sohasida ham ekologik talablar qattiqlashtiriladi. Yangi yirik ob’ektlarni loyihalashda yashillik darajasini oshirish, qurilish materiallarini yopiq sharoitda saqlash, chiqindilarni maxsus quvurlar va konteynerlar orqali tushirish, maydonlarni himoya to‘siqlari bilan o‘rab olish, onlayn kuzatuv kameralarini o‘rnatish talab qilinadi. Shuningdek, "shamol koridorlari"ni saqlash, qurilish jarayonlarida ekologik ekspertiza xulosasini majburiy hisobga olish, shaharning ekologik va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish taklif etiladi.
Tabiiy chang omillarini kamaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Ularga Toshkent atrofida "yashil kamar" yaratish, Surxondaryo va Sirdaryoda chang bo‘ronlarining oldini olish uchun "yashil devorlar" tashkil etish, sun‘iy ko‘llar va suv havzalarini yaratish, poytaxt tumanlaridagi favvoralar sonini ko‘paytirish, barglarni kompost va mul‘chaga qayta ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish kiradi.
Transport sohasida ham havo muhofazasi uchun alohida yo‘nalishlar belgilandi. Motor yoqilg‘isi standartlarini bosqichma-bosqich qattiqlashtirish, avtotransport vositalarini ekologik toifalarga bo‘lib "qizil", "sariq" va "yashil" stikerlar berish, texnik ko‘rikni ekologik talablar bilan bog‘lash, eski avtotransportni yangilash dasturlarini amalga oshirish, jamoat transporti ulushini oshirish ko‘zda tutilgan. Maqsad – yo‘l harakati bilan bog‘liq ifloslanish hajmini qisqartirish, ayniqsa yirik shaharlar markazlarida havo sifati yaxshilash.
"Ekoma‘daniat" umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, fan va ma‘rifatni birlashtirgan yangi tizim yaratish rejalashtirilgan. Bu sohada xalqaro standartlarga mos mutaxassislar yetishmasligi, aholi orasida ekologik ong va barqaror odatlar hali yetarlicha shakllanmaganligi, innovatsiyalar va iqlim texnologiyalarini amaliyotga joriy qila oladigan kadrlar tanqisligi qayd etildi. Shu sababli 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab 14 viloyatda "yashil texnikumlar" tashkil etiladi, ular "Green University" tizimiga akademik hamkorlik asosida qo‘shiladi. Loyihaga ko‘ra, o‘quvchilar va talabalar soni har yili o‘sib, 2028/2029 o‘quv yiliga kelib 10 ming kishiga yetadi. Bakalavriat va magistraturada atrof-muhit va barqaror boshqaruv, yashil iqtisodiyot, ekologik muhandislik, iqlim o‘zgarishi, cho‘llanishga qarshi kurash, barqaror shaharsozlik, barqaror energiya almashinuvi kabi yangi yo‘nalishlar ochiladi. Ta’lim jarayonida nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirgan dual tizim joriy etiladi.
Aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish uchun "10 ming qadam" tashabbusini qayta tiklash, "Sog‘lom turmush tarzi" platformasini ishga tushirish, shuningdek Samarqandda GEF-8 assambleyasi va "Eco Expo Central Asia 2026" xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgan. Taqdimotda cho‘llanishga qarshi kurash strategiyasi loyihasi ham ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston hududining 70% qurg‘oqchil zonaga, 70% dan ortig‘i degradatsiyaga uchragan yerlarga tegishli ekanligi qayd etildi. Yer resurslarining yomonlashishi iqtisodiyotga har yili 830 million dollar zarar yetkazmoqda. Orol dengizining qurib qolishi natijasida 3 million gektar yerdan foydalanish imkoni yo‘qolgan va hududning 56% shamol eroziyasiga ta‘sir qilmoqda. Shu sababli "Green University" huzurida mintaqaviy qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazi yaratish taklif etildi. Bu markaz Markaziy Osiyoda cho‘llanishni boshqarish bo‘yicha birinchi ilmiy xab bo‘lishi kutilmoqda. Markaz tarkibida 15 ixtisoslashtirilgan laboratoriya faoliyat yuritadi, sun‘iy yo‘ldosh ma’lumotlari, GIS va masofadan zondlash texnologiyalari asosida yerlarning holatini raqamli monitoring qilish yo‘lga qo‘yiladi, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarning genetik banki shakllantiriladi, tuproqning kimyoviy va fizik tahlili tizimi takomillashtiriladi. Natijada cho‘llanishni prognozlash va xaritalash milliy tizimi yaratiladi, Orolbo‘yi va qurg‘oqchil mintaqalarda yashil qoplam kengaytiriladi, o‘tloqlardan barqaror foydalanish va cho‘l iqtisodiyoti modellari joriy etiladi.
Davlat rahbari taqdim etilgan loyihalarni ma‘qulladi va ularning ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish, shahar va qishloq muhitini yaxshilash uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Source: kun.uz