O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan tanishgan taqdimotda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi issiqxonalarni iqlim sharoiti qulay bo‘lgan hududlarga ko‘chirish rejasi haqida ma’lum qildi. Bu chora “Toza havo” loyihasining muhim tarkibiy qismi sifatida muhokama qilindi.
Taqdimotda Toshkent hududida issiqxona xo‘jaliklari soni juda ko‘p ekanligi, ularning ko‘pchiligi isitish manbai sifatida ko‘mir, mazut va nostandart yoqilg‘idan foydalanishi qayd etildi. Bu issiqxonalar NO2, SO2 va PM2,5 kabi xavfli moddalar chiqarib, poytaxt va uning atrofidagi havo sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, Toshkentda yillik quyosh nurlanishi pastligi sababli issiqxona mahsulotlarini yetishtirish xarajati yuqori ekani ta’kidlandi. Masalan, 1 tonna mahsulot tannarxi Toshkent viloyatida 11,9 million so‘mni, Surxondaryoda esa 4,9 million so‘mni tashkil etishi ma’lum qilindi.
Rejaga ko‘ra, issiqxonalarni Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani kabi quyosh nurlanishi yuqori, qishi yumshoq va isitish xarajatlari past bo‘lgan hududlarga bosqichma-bosqich ko‘chirish taklif qilindi. Bu yerda kamida 940 gektar maydonda agropark tashkil etish rejalashtirilgan. 2026-yil 1-oktabrdan boshlab Toshkent shahri va unga tutash hududlarda yangi issiqxona tashkil etish cheklanadi, ko‘chirilayotgan xo‘jaliklarga esa infratuzilma, kredit va logistika bo‘yicha imtiyozlar beriladi.
2026-yilga mo‘ljallangan davlat dasturiga ko‘ra, Toshkent viloyati va poytaxtga tutash hududlardagi 6517 ta issiqxona xo‘jaliklari uchun filtr o‘rnatish yoki boshqa hududlarga ko‘chirish kabi yangi tizim joriy etiladi. Surxondaryo viloyatida kamida 200 gektar maydonda agroklasterlar tashkil etiladi, ularga kirgan xo‘jaliklarga har bir sotix uchun BHMning 1 baravaridan (412 ming so‘m) kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya beriladi.
2024-yilda sobiq Ekologiya vazirligi Toshkent atrofida “yashil” halqa o‘rniga ko‘mirda ishlaydigan issiqxonalardan iborat “kulrang” halqa shakllangani haqida xabar bergan edi. O‘shanda issiqxonalarning 60 foizi isitishning asosiy manbai sifatida ko‘mirdan foydalanishi ma’lum qilingandi. Bu muammoni hal qilish uchun hozirgi reja ekologik va iqtisodiy manfaatlarni uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
Source: www.gazeta.uz