Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

25-mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, Xalqaro raqamli texnologiyalar markazini ishga tushirish va bank tizimiga islom moliya mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tadbirda geosiyosiy keskin sharoitda investitsiyalarni jalb qilish uchun raqobat kuchayib borayotgani ta’kidlandi, biroq O‘zbekiston tabiiy resurslar va iqtisodiy salohiyat jihatidan afzalliklarga ega ekani aytildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev: “Ko‘plab xalqaro kompaniyalar mintaqaviy xavf-xatarlarni baholab, yangi bozorlarni o‘rganishni boshlagan. Bu biz uchun tarixiy imkoniyat. Shu vaziyatda fursatni boy bermasdan, xalqaro moliya kompaniyalarini o‘zimizga tezroq jalb qilishimiz shart”. Taqdimotda 2026-yilda 50 milliard dollardan ortiq investitsiyalarni jalb qilish ko‘zda tutilgani, bunga erishish uchun investorlarning O‘zbekiston bozoriga kirishini osonlashtirish, zamonaviy infratuzilma, xalqaro standartlarga javob beradigan huquqiy rejim, qo‘shimcha imtiyozlar va ishonchli biznes muhitini yaratish zarurligi ma’lum qilindi.

Toshkent xalqaro moliya markazi muhokamasi chog‘ida bu yangi turdagi investitsiyalarni jalb qilish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun samarali vositaga aylanishi ta’kidlandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030-yilga kelib moliya markazi iqtisodiyotga qo‘shimcha 20−25 milliard dollar jalb qilish, yalpi ichki mahsulotning yillik 1 foizgacha qo‘shimcha o‘sishini ta’minlash, 15 000 tagacha yangi ish o‘rinlarini yaratish va 10 000 nafar mutaxassisning kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Markaz faoliyati uchun maxsus huquqiy rejim joriy etish ko‘zda tutilgan, bunda Angliya va Uelsning umumiy huquqi tatbiq qilinadi, markazning boshqaruv organlari o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi, nizolarni ko‘rib chiqishga ixtisoslashgan Toshkent xalqaro tijorat sudi va xalqaro arbitraj markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ikkinchi yo‘nalish sifatida Enterprise Uzbekistan brendi ostida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish va rivojlantirish ko‘rib chiqildi. Taqdimotda mazkur markaz uchun 2100-yilga qadar amal qiladigan maxsus huquqiy rejim nazarda tutilgani ma’lum qilindi. Markazda tartibga solish “qumdoni” doirasida yangi yechimlarni sinovdan o‘tkazish, ish haqini xorijiy valyutada to‘lash, xalqaro mehnat standartlarini joriy qilish, shaxsga doir ma’lumotlarni xalqaro standartlar va bulutli texnologiyalar asosida qayta ishlash mumkin bo‘ladi. Intellektual mulkni himoya qilish, investitsiyalar, startaplar va eksport uchun qulay sharoitlar yaratiladi, bojxona va soliq bo‘yicha yengilliklar beriladi. Sun’iy intellekt texnologiyalari, raqamli transformatsiya, tadqiqot va ishlanmalar, sertifikatlashtirish, startaplar hamda ma’lumotlar markazlari ushbu markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanmoqda.

Uchinchi yo‘nalish sifatida mamlakatimizda islomiy moliya xizmatlarini joriy qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Rejada murobaha, muzoraba, vakala, salam va istisno, mushoraka kabi islomiy moliya instrumentlarini joriy qilish nazarda tutilmoqda. Ushbu sohada tizimli boshqaruvni ta’minlash uchun Markaziy bank tarkibida Islom moliya kengashi tashkil etiladi. Islom moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklar tarkibida ham alohida kengashlar tashkil etiladi. 2026-yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2026−2030-yillarda esa to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan. Umuman, sohadagi yangiliklar orqali 2026−2030-yillarda qo‘shimcha 1 milliard dollar miqdorida investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.

Davlat rahbari ushbu uchta yo‘nalish mamlakatda zamonaviy moliyaviy va texnologik ekotizimni shakllantirishga hissa qo‘shishini ta’kidlab, ularni amalga oshirishni tezlashtirishni buyurdi. Bu tashabbuslar O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishini rag‘batlantirish va xalqaro investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan keng qamrovli strategiyaning bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.

Source: www.gazeta.uz